Qozon (buyum)
Qozon — 1) choʻyan, mis, alyuminiy va boshqa metallardan quyib tayyorlanadigan roʻzgor buyumi; taom pishirish, suv qaynatish va boshqa maqsadlarda ishlatiladi. Uning qopqogi (tuvogʻi) metall yoki yogʻochdan yasaladi. Arxeologik tekshirishlar qadimda Oʻzbekistonda sopol, tosh (marmar), bronza Q.lar boʻlganligini koʻrsatadi. Mas, Katta Faryuna kanali qazilganda miloddan avvalgi 1-ming yillikning oxiriga mansub bronza Q. chiqqan: Namangan viloyati oʻlkashunoslik muzeyida Axsikatdan topilgan, milodning 6—7-asrlariga oid sopol q. saqlanmoqda.
Q.ning shakli va oʻlchamiga qarab, doshqozon, osh Q, kir Q. kabi turlari bor. Kichikrogʻi dekcha deb ataladi; 2) yoqilgʻi (koʻmir, gaz va boshqalar) yoqib suv bugʻi yoki issiq suv olinadigan qurilma. Issiqlik elektr st-yalarning bugʻ turbinasini bugʻ bilan taʼminlash, bino va inshootlarni isitish, shamollatish, issiq suv bilan taʼminlash tizimlarida foydalaniladi. Turar joy va jamoat binolarini isitishda choʻyandan ishlangan, qattiq yoqilgʻi yoqiladigan seksiyali suv isitish Qlaridan foydalaniladi. Bularda suv 115° dan yuqori temperaturagacha qiziydi. Ularning issiqlik ajratish quvvati 1,5 G kal/ soat (1 G kal/soat = 1,163 MVt), bosimi esa 0,4 MN/m2(4 kgk/sm2) gacha. Bunday Q.larning oʻchoq apparatlarini oʻzgartirib, qattiq yoqilgidan gazsimon yoqilgʻi yoqishga oʻtkazish mumkin (qarang Bugʻ qozoni, Bugʻ turbinali elektr stansiyasi).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |