Qozoqi oqbosh qoramol zoti — goʻsht yoʻnalishidagi qoramol zoti. 20-asrning 30—40-yillarida Qozogʻiston va Rossiya (Orenburg va Volgograd viloyatlari)da Qozogʻiston mahalliy va qisman qalmoq qoramol zotini gereford zoti bilan zavod usulida chatishtirib chiqarilgan. Zot sifatida 1950-yil tasdiqlangan. Oʻzbekiston, Turkmaniston va Tojikistonda goʻshtdor qoramolchilik hududlarida tarqalgan. Keskin kontinental iqlim sharoitlariga yaxshi moslashgan. Yozning issiq, qishning sovuq kunlarida ham yaylov sharoitida boqiladi. Tusi qizil, boshi, koʻkragi, qorni, oyoqlarining va dumining pastki qismi oq. Yozda jun qoplami kalta, silliq, yaltirab turadi, qishda junlari uzun boʻlib oʻsadi. Tana tuzilishi oʻrtacha, koʻkragi keng, suyaklari mustahkam. Buqalari vazni 800–900 kg, sigirlariniki 500–550 kg. Yangi tugʻilgan buzoqlarining vazni 27– 30 kg va 8 oyligida 220–240 kg ga boradi. Bu zot tez oʻsishi bilan farqlanadi. Tabiiy yaylovlarda boqilgan buzoqlar 13—18 oyligida vazni 450– 470 kg ga yetadi. Soʻyim chiqimi 65— 67%. Oʻzbekistonda 1957—60 yillardan boshlab Qozoqi oqbosh qoramol zotiq.z.li mollarning reproduktor fermalari shakllantirilgan. Qozoqi oqbosh qoramol zotiq.z. goʻsht sifatini yaxshilash maqsadida sut yoʻnalishidagi zotlar bilan chatishtiriladi. Bu zot sof holda urchitib va mahalliy qoramollar bilan chatishtirishda foydalanib kelinmoqda. Oʻzbekistonda naslchilik podalari yaratilgan. Olingan chatishma avlodlar Jizzax viloyatining Zomin tumanida, Xorazm viloyatida va Qoraqalpogʻistonning Orolboʻyi hududlarida boqiladi.