Qurilish konstruksiyalari
Qurilish konstruksiyalari — bino va inshootlarning asosiy qismlari. Koʻtaruvchi, toʻsuvchi, koʻtaruvchi-toʻsuvchi va yopuvchi kabi turlarga boʻlinadi. Arka, ferma va rama shartli ravishda koʻtaruvchi; devor va yopmalarning panellari, gumbaz va boshqa toʻsuvchi, koʻtaruvchi va yopuvchi Qurilish konstruksiyalari hisoblanadi. Qurilish konstruksiyalarining tekis (balka, ferma, rama) va fazoviy (gumbaz va boshqalar) xillari bor. Qurilish konstruksiyalari beton va temir-beton, metall, plastmassa, yogʻoch va gʻishtdan ishlanadi.
Qurilishda beton va temir-beton konstruksiyalar keng tarqalgan. Gidro-texnika inshootlari, yoʻllar, aero-dromlar, rezervuarlar qurishda yaxlit temir-beton ishlatiladi. Maxsus beton va temirbeton yuqori va past temperaturalar yoki kimyoviy agressiv muhitlar taʼsi-rida boʻladigan inshootlarni qurishda qoʻllanadi. Metall konstruksiyalar, asosan, koʻp qavatli bino va inshootlarning sinchlari, sexlar, katta hajmli rezervuarlar, koʻpriklar qurishda ishlatiladi.
Gʻisht, tabiiy tosh, mayda bloklar va boshqa konstruksiyalar yirik panellarga qaraganda kamroq ishlatiladi. Yogʻoch konstruksiyalardan foydalanishning asosiy yoʻnalishi yelimlangan yogʻoch konstruksiyalarga oʻtishdir. Qurilishda koʻtaruvchi va toʻsuvchi konstruksiyalar uchun yelimlangan yogʻoch keng qoʻlla-niladi. Industrial konstruksiyalardan asbestsement pnevmatik konstruksiyalar; yengil qotishmalar va plastik massalar ishlatiladigan konstruksiyalar keng tarqalgan. Qurilish konstruksiyalariga qoʻyiladigan asosiy talablar: tayyorlashni in-dustrlashtirish koʻlami (zavod sharoitida tayyorlanishi), samaradorligi (materiallar sarfi va qiymati boʻyicha), tashish va montaj qilishning qulayligi.
Oʻzbekiston meʼmorchiligida qadimdan arka, gumbaz, ravoq kabi Qurilish konstruksiyalarida asosan pishiq gʻisht va ganch ishlatilgan (qarang Arkaustuni). 20-asr 40-yillaridan temir-beton va quyma beton konstruksiyalar keng rasm boʻldi. Qurilishda ishlatiladigan temir-beton konstruksiyalar asosan 2 usul-da: qurilish obʼyektining oʻzida va zavod yoki tajriba maydonlarida tayyorlanadi. 20-asr 90-yillaridan plastmassa va alyuminiy Qurilish konstruksiyalari (ayniqsa, rama, terrasa, deraza va eshiklar uchun) keng qoʻllanilmoqda.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |