Qutb xorazmiy (14-asr, Xorazm -?) — shoir, tarjimon. Hayoti va ijodi haqida maʼlumot beruvchi yagona manba uning "Xusrav va Shirin" dos-tonidir. Q.X.ning ijodiy kamolot yillari Xorazmning Oltin Oʻrda davlatiga qaram boʻlgan davriga toʻgʻri keladi. Dostonini Sigʻnoq shahrida yozgan (1330—40). Faqirlikda yashagan Q.X. "Xusrav va Shirin" dek koʻp vaqt va mashaqqatni talab qiladigan katta hajmli asarni yozish uchun moddiy yordam soʻrab, Oltin Oʻrda xoni muhammad Oʻzbekxonning (1312—40) Oq Oʻrdadagi noibi boʻlmish shahzoda tinibek huzuriga borgan. Tinibek va uning davlat ishlarida faol koʻmakchisi boʻlgan xotini Q.X.ni iliq kutib olib, uning ijod qilishi uchun barcha shartsharoitlarni yaratib berganlar. Shoir oʻz asarida malikani "har ishni tarozida oʻlchab, zehn bilan fikr yurituvchi oqila, komila" ayol sifatida madh etib, uning davlat ishlaridagi faol ishtirokini koʻrsatgan.

"Xusrav va Shirin" Nizomiy Ganjaviy qalamiga mansub shu nomdagi dostonning erkin tarjimasidir. Ayrim sabablarga koʻra, bu asar oʻz davrida keng tarqalmay, shuhrat qozonmagan. Doston amir Qutlu Xoʻjaning tavsiyasi bilan 1383—84 yillarda Misrda Berka Faqih ibni Barokaz Edgu Qipchoqiy tomonidan koʻchirilgan. Bu qoʻlyozma 1914-yilda Parij Milliy kutubxonasidan (inv. 312) topilib, ilmiy muomalaga kiritilgan va sharqshunoslar oʻrtasida shuhrat topgan. 1940-yilda Alisher navoiyning 500 yillik yubileyini oʻtkazish qoʻmitasi tomonidan uning fotonusxasi olinib, H.Zarif tomo-nidan nashrga tayyorlangan. Doston 91 bobdan iborat. Nizomiy dostoni esa 100 bobdan iborat boʻlib, 6 mingdan ziyodroq baytni oʻz ichiga oladi. Tarjimon asliyat mazmunini, asar syujetini saqlab qolish bilan birga, uni ancha erkin tarjima qilgan. Jumladan, asar muqaddimasiga "Shahzoda Tinibekxon madhi", "Malika marhuma Xonmalik madhi", "Kitob nazm qilmoqqa sabab bayonin ayur" boblarini qoʻshgan. Ayni paytda, dostonning umumiy mazmuniga aloqasiz hisoblaganidan boʻlsa kerak, bir qator boblarni qisqartirgan, ayrim boblarni ixchamlashtirib, birbiriga qoʻshib yuborgan. Shuningdek, Nizomiy dostonidagi 12-asr Ozar-bayjon hayotiga oid ayrim lavhalarni tushirib qoldirgan, qisqartirgan va tahrir qilgan, ularning oʻrniga Oltin Oʻrda hayotiga doir voqealarni kiritgan, turli xil urf-odatlar tas-virini berib, dostonni oʻz davriga yaqinlashtirgan, unga oʻzbek xalq maqollari va taʼbirlarini kiritgan.

Q.X. Nizomiy dostoni asosida oʻzbekcha doston yaratish va uning vositasida oʻzbek tilining boy imkoniyatlarini namoyish qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan va u buni muvaffaqiyat bilan uddalagan. Bu tarjima oʻsha davr oʻzbek tilini oʻrganish uchun muhim manba boʻlibgina qolmay, oʻzbek tili va adabiyotining taraqqiyotida ham katta rol oʻynagan.

Q.X. tarjimasidagi "Xusrav va shirin" oʻzbek adabiyotida masnaviyning "Qutadgʻu bilig" va "Hibat ul-haqoyiq" dan keyingi nodir namunasidir. U dostonni oʻz vaznida — hazaji musammani maqsur (mahfuz)da tarjima qilgan. "Xus-rav va Shirin" oʻzbek epik sheʼriyati taraqqiyotida ham, badiiy tarjima rivojida ham alohida oʻrin tutadi.

Manbalar tahrir

  • Guldasta, T., 1947; X1U asr Xorazm yodnomalari, T, 1973.

Adabiyot tahrir

  • Sharipov J., Oʻzbekistonda tarjimatarixidan, T, 1965; Mallayev N. M., Oʻzbek adabiyoti tarixi, T., 1976; Oʻzbek adabiyoti tarixi, 1-j., T, 1978; Qayyumov P., Tazkirai Qayyumiy, 1-kitob, T, 1993.

Ergash Ochilov.