Qutbiy oʻlkalar
Qutbiy oʻlkalar, qutb oʻlkalari — Yer sharining Shimoliy va Janubiy qutblari atrofidagi qattiq tabiatli sovuq oʻlkalar. Eng iliq oyning oʻrtacha temperaturasi 5° boʻlgan izotermalar oʻtgan joylar Q.oʻ. chegarasi hisoblanadi. Yillik radiatsiya balansi 1 sm2ga 1 kkal. Yil davomida arktika va antarktika havosi hukmron. Quyosh nurining kam tushganligidan iqlim sovuq. Qish oylarida oʻrtacha temperatura shimoliy Q.oʻ.da —40° gacha, janubiy Q.oʻ.da —60°, —70° ga yetadi, yoz oylarida shimolida 0—5° va janubida —20°, —30°. Yer sharining sovuqlik qutbi ham shu oʻlkada — Sharqiy Antarktidada boʻlib, havo temperaturasi —89,2° kuzatilgan. Yogʻin kam, asosan, qor yogʻadi. Yillik yogʻin shimoliy Q.oʻ.da 150–400 mm, janubida 100–200 mm. Yer yuzasining katta qismi muz bilan qoplangan. Qor va muzdan holi joylarda ham tuproq qatlami deyarli yoʻq. Oʻsimliklardan yoʻsin va toshlarga yopishgan lishaynik uchraydi. Dengiz hayvonlaridan morj, tyulen, baliqlar, qisqichbaqa bor. Yozda "qushlar bozori" boʻladi. Yirik hayvonlardan oq ayiq, qutb tulkisi, Antarktidada pingvin bor (yana qarang Geografik qutblar).
Ko‘proq o‘rganishUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |