Rahmat Fayziy (asl ism-sharifi Fayziyev Rahmat Fayziyevich, 1918-yil 10-oktabr, Toshkent – 1988-yil 18-noyabr, Toshkent) – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1978-yil), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1968). „Lenin uchquni“ (hozirgi „Tong yulduzi“, 1937) va „Yosh leninchi“ (hozirgi „Turkiston“, 1938) gazetalarida ishlagan. Oʻzbek sovet yozuvchisi, kinodramaturgi, Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston SSR xalq yozuvchisi, Polsha Xalq Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi. „Hazrati inson“ romani va „Sen yetim emassan“ filmi ssenariysi muallifi, temirchi Shoaxmad Shomaxmudov va Baxri Akramovalar oilasi „Sen yetim emassan“ bosh qahramoni prototipi hisoblanadi.

Biografiyasi tahrir

Rahmat Fayziy 1918-yil 10-oktabrda Toshkent shahrida hunarmand oilasida tavallud topgan. Oʻrta maktabni tugatgach, Toshkent temir yoʻli qoshidagi FZU maktabida, oʻqishni tugatgandan soʻng Elektromexanika texnikumida oʻqishni davom ettirgan. Rahmat 1937-yilda „Lenin uchquni“ gazetasi tahririyatiga ishga kirgan va bir yildan soʻng „Yosh leninchi“ gazetasida ishlagan. 1943-yil „Frunzevets“, 19441951-yillarda „Qizil Oʻzbekiston“ („Oʻzbekiston Soveti“) gazetalarida ishlagan. 1951–1954-yillarda "Sharq yulduzi" jurnalida boʻlim mudiri va 1957–1959-yillarda „Oʻzbekiston madaniyati“ gazetasi muharriri boʻlgan.

Rahmat Fayziyevich 1962-yilda "Oʻzbekfilm" kinostudiyasiga ishga kirib, 1965-yilgacha ssenariy va tahrir hay’ati bosh muharriri lavozimlarida ishlagan. Rahmat Fayziy 1965–1974-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari boʻlgan. 1972-yildan SSSR Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi aʼzosi, 1974-yildan Butunittifoq mualliflik huquqini himoya qilish agentligining Oʻzbekiston boʻlim boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan[1].

Yozuvchi 1988-yil 18-noyabrda Toshkentda 70 yoshida vafot etgan[2].

Ijodi tahrir

Ulugʻ Vatan urushi tugagandan soʻng Rahmat Fayziyning bir qancha hikoya va hikoyalar toʻplamlari chop etilgan. 1951-yilda „Toʻy sovgʻalari“, „Sahroga bahor keldi“, „Ertaklar va hikoyatlar“ hamda 1958-yilda „Ipak parda“ toʻplamlari nashr etilgan.

1948-yilda Rahmat Fayziyning „Toʻy taraddudi“ deb nomlangan birinchi hikoyasi eʼlon qilingan. Shundan keyin uning „Toʻyona“, „Ulgʻayish“ (1950), „Birinchi bahor“ (1951) hikoya va ocherk toʻplamlari nashr etilgan. Dastlabki „Choʻlga bahor keldi“ (1951) qissasi qoʻriq va boʻz yerlarni oʻzlashtirish mavzusiga bagʻishlangan boʻlib, adabiy jamoatchilik eʼtiborini qozongan. Keyinchalik yozuvchi ushbu asarni qayta ishlab, uni 1972-yilda roman tarzida nashr etgan. „Povest va hikoyalar“ (1954), „Shohi darparda“ (1958), „Kishilarimiz qissasi“ (1962) singari ocherk, hikoya va qissalardan iborat toʻplamlari ham bor.

1969-yilda yozilgan „Hazrati inson“ romani yozuvchiga eng katta shuhrat keltirgan. Mahkam va Mehrinos romanining bosh qahramonlarining prototiplari urush yillarida turli millatga mansub 15 nafar yetim bolani asrab olgan Shaohmad Shomaxmudov va uning rafiqasi Baxri Ahmedovalar boʻlgan. SSSRda va xorijda nashr etilgan roman Butunrossiya kasaba uyushmalari markaziy kengashi va SSSR Yozuvchilar uyushmasi tomonidan mukofotlar bilan taqdirlangan.

Rahmat Fayziy ssenariysi asosida 1962–1963-yillarda Shomaxmudovlar oilasi haqida „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasida „Sen yetim emassan“ kinoqissasi (1960) asosida kinorejissyor Sh. Abbosov tomonidan suratga olingan shu nomdagi filmi katta shuhrat qozongan. Yozuvchi ushbu kinoqissa ustidagi ijodiy ishini davom ettirib, urush yillarida 14 yetim bolani oʻz bagʻriga olgan va ularga mehrmuruvvat koʻrsatgan kishilar jasoratiga bagʻishlangan „Hazrati inson“ romanini (1970) yaratgan. Oʻzbek xalqiga xos mehr-muhabbat va bagʻrikenglik keng epik planda tasvirlangan bu asarda oʻzbek adabiyotining insonparvarlik mohiyati oʻzining yorqin ifodasini topgan. Rahmat Fayziy „Yoryor“ filmi ssenariysi va bolalarga bagʻishlangan „Birinchi xat“ (1954), „Hayotning tugʻilgan kuni“ (1953) va boshqa hikoyalar muallifi. Yozuvchi „Qaydasan, Zulfiyam?“ badiiy filmi ssenariysi ham muallifidir. Bu filmlar oʻzbek kinosi rivojiga katta hissa qoʻshgan.

Toshkent shahridagi koʻchalardan biri Rahmat Fayziynomi bilan ataladi[3].

Manbalar tahrir

  1. „Биография Рахмата Файзи“. 2014-yil 19-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 4-dekabr.
  2. „Toshkent Sovet Uzbekistoni Archives, Nov 20, 1988, p. 6“ (en). NewspaperArchive.com (1988-yil 20-noyabr). Qaraldi: 2023-yil 22-noyabr.
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar tahrir