Rashod Nuri Guntekin – XX asrdagi mashhur turk yozuvchilaridan biri. 1889-yil Istanbulda tugʻilgan. Istanbul universitetining turk tili va adabiyoti boʻlimini tamomlagan. XX asrning 20-yillarida uning bir qancha hikoyalari bosilib chiqadi. Katta epik janrga qoʻl urgan yozuvchi dastlab „Sirli qoʻl“ romanini yozadi. Keyinchalik „Xazonrezgi“, „Tamgʻa“, „Yashil tun“ nomli romanlari nashr qilinadi. Ammo dunyo adabiyotida Rashod Nuri Guntekin „Choliqushi“ romani bilan shuhrat qozonadi. Adibning bu romani Mirzakalon Ismoiliy tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilinadi. Rashod Nuri Guntekindan koʻplab hikoyalar, roman va dramatik asarlar meros boʻlib qoldi. Turkiyada adibning yigirma toʻrt jilddan iborat asarlari bosilgan. Adib 1956-yilda vafot etgan.