Reflektor yoy haqida tushuncha
Reflektor yoy
tahrirNerv sistemasining faoliyati asosida reflektor yoy yotadi. U nerv sistemasining morfofunksional birligini tashkil qiladi. Reflektor yoy retseptordan boshlanib, effektor bilan tugaydi. Eng oddiy reflektor yoy kamida ikki neyrondan tashkil topgan. Birinchi neyronning dendritlari maʼlum aʼzolarda retseptorlar hosil qilib, neyriti esa orqa miyaning sezish markazlarida tugaydi. Ikkinchi neyron dendritlari orqa miyada birinchi neyron neyritlari bilan sinaps hosil qilib, neyriti harakatlantiruvchi nerv oxirlarini (mushak yoki bezlarda) hosil qiladi. Shunday qilib, eng oddiy reflektor yoyda ham impulsni markazga olib boruvchi va markazdan organlarga olib keluvchi tuzilmalarni ko‘rishimiz mumkin. Aksariyat holatlarda uch yoki undan ko‘p neyrondan tashkil topgan reflektor yoyini ko‘ramiz. Uch neyrondan tashkil topgan reflektor yoyida yuqorida qayd qilingan ikki neyronli reflektor yoydan farqli ravishda uchinchi qo‘shimcha (assotsiativ yoki tutashtiruvchi) neyron ham kirib, u sezuvchi va harakatlantiruvchi neyronlar orasida joylashadi. Bu neyron dendritlari sezuvchi neyronning neyriti bilan, neyriti esa harakatlantiruvchi neyronning dendriti bilan sinapslar hosil qiladi. Bu oddiy reflektor yoylardan tashqari somatik nerv sistemasida murakkab refleks yoyi ham farqlanib, u bir necha neyronlardan tashkil topgan. Bu reflektor yoyda markaziy nerv sistemasining boshqa nerv markazlari ishtirok etadi.
Nerv toʻqimasini oʻrgangan olimlar
tahrirNerv to‘qimasini, xususan, nerv sistemasini oʻrganishga rus olimlaridan D. A. Timofeyev , A. N. Mislavskiy, A. S. Dogel va boshqalar katta hissa qo‘shdilar. A. N. Mislavskiy nerv tugunlari va nerv oxirlarining morfologik tuzilishini mukammal o‘rgandi. A. S. Dogel esa markaziy va periferik nerv sistemasining morfologiyasi bo‘yicha chuqur ishlar olib bordiki, uning ishlari neyrogistologiya va fiziologiyani rivojlantirishda yorqin iz qoldirdi. V. I. Lavrentev va uning o‘quvchilari avtonom nerv sistemasini o‘rganib, nerv hujayralari orasida sinapslar mavjudligini ko‘rsatdilar va sinapslarni o‘rganishga asos soldilar. Nerv oxirlarini mukammal o‘rganishda E. M. Shlyaxtin, A. N. Kolosov va ularning shogirdlari, K. A. Lavrov va N. I. Zazibinlarning xizmati katta. T.A.Grigoreva qon tomirlarning innervatsiyasini o‘rgandi va birinchi marta adabiyotga qon tomir-to‘qima retseptorlari tushunchasini kiritdi. Hozirgi avlod gistologlari zamonaviy usullar bilan (elektron mikroskopiya, miqdoriy gistoximiya, radioavtografiya) qurollanib, yuqorida qayd qilingan olimlarning ishlarini muvaffaqiyat bilan davom ettirmoqdalar.
Adabiyotlar=
tahrir- ↑ Gistalogiya. Ibn Sino — 261-262-bet. Qaraldi: 9-dekabr 2022-yil.