Flyuorografiya, radiofotografiya, rentgenofotografiya rentgenodiagnostika usuli; bunda obyektning rentgen apparati ekranidagi tasviri unchalik katta boʻlmagan fotoplyonkaga tushiriladi. Oʻlchami 70x70 yoki 90x90 boʻlgan flyuorogrammalarda koʻkrak qafasi aʼzolari tasviri olinadi.

Flyuorografiya, asosan, koʻkrak qafasi aʼzolari, sut bezlari, suyak sistemasi va boshqalarni tekshirishda qoʻllaniladi. Yashirin kechadigan kasalliklarni ommaviy tekshirish mumkinligi uning boshqa rentgenodiagnostik usullardan afzalligidir. Flyuorografiya kabinetlari koʻchma va statsionar boʻladi.