Respublika bolalar kutubxonasi

Oʻzbekistondagi markaziy bolalar kutubxonasi

Respublika bolalar kutubxonasi“ — 1965-yil tashkil etilgan jamoat maskani. Jamoat maskani joylashgan bino 1880-yilda qurilgan. U dastlab aka-uka Vadyayevlar mulki hisoblanib, keyinchalik Toshkent shahar Dumasi foydalanishi uchun topshirilgan. 2020-yilda kutubxonaning rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan. Rekonstruksiya 2023-yilga qadar davom etgan va kutubxona 31-avgustdan boshlab qayta foydalanish uchun topshirilgan.

Respublika bolalar kutubxonasi
Tip bolalar kutubxonasi
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Manzil Toshkent shahri, Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 47-uy
Tarixi
Asos solingan sanasi 1965-yil yanvar
Fond
Kitoblar soni Avvalgisi 180 ming, rekonstruksiyadan keyin 21 ming (2023)
Boshqa maʼlumotlar
Veb-sayti https://acdflibrary.uz/uz
Respublika bolalar kutubxonasi Vikiomborda

Tarixi

tahrir

Respublika bolalar kutubxonasi 1965-yilning yanvar oyida Alisher Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasining „Oʻsmirlarga xizmat koʻrsatish boʻlimi fondi“ning negizida Sarkazova Maxsuma Yoʻldoshevna tashabbusi bilan viloyatlardagi bolalar kutubxonalari uchun ilmiy-uslubiy markaz sifatida tashkil etilgan. U dastlabki davrlarda V.Mayakovskiy nomidagi kutubxona bilan bir binoda faoliyat olib borgan boʻlib, 1972-yildan boshlab alohida binoga ega boʻldi. Kutubxona uchun joy tanlashda bino shaharning markazida ekanligi, qulay joylashuv oʻrni, maktab hamda bolalar bogʻchalarining qay darajada yaqinligi hisobga olingan.

Respublika bolalar kutubxonasi Davlat muhofazasidan meʼmorchilik yodgorligi sanalgan qadimiy binoda joylashgan. Bino 1880-yil qoʻqonlik boy savdogarlar — aka-uka Vodyayevlar tomonidan qurdirilgan. 1909-yil bu saroyga bo‘lajak Toshkent shahri arxitektori Ivan Markevich loyihasiga asosan yangi bino qo‘shilgan. Keyinchalik u Toshkent shahri general-gubernatori ixtiyoriga oʻtkazilgan[1]. Binoda shahar ulamolarining yigʻilishlari, yubiley tantanalari va ballar ham oʻtkazib turilgan. Bino kutubxona ixtiyoriga berilmasdan avval Toshkentdagi institutlardan birining aspirantlari uchun yotoqxona vazifasini ham oʻtagan.

1965-yilga qadar Respublikada bolalar kutubxonalari faoliyatini umumlashtiruvchi, uslubiy yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatib boruvchi yagona markaz tashkilot faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan edi. Respublika bolalar kutubxonasi viloyat axborot resurs markazlari faoliyatini boshqarib, ilmiy-uslubiy va amaliy yordam koʻrsatib keladi. Kutubxona faoliyat boshlaganda unga Sarkazova Maxsuma Yoʻldoshevna direktorlik qilgan.

2019-yil maʼlumotlariga koʻra, „Respublika bolalar kutubxonasi“ yiliga 13 mingdan ziyod kitobxonlarga anʼanaviy, 200 dan ortiq kitobxonlarga esa onlayn tarzda xizmat koʻrsatgan. Kutubxona asosan Uspenskiy nomli Respublika ixtisoslashgan musiqa akademik litseyi pedagoglari va oʻquvchilariga, hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professor oʻqituvchilari talabalariga, ARMlar mutaxassislariga xizmat koʻrsatgan.

Kutubxona fondida 2019-yil hisobi boʻyicha, 159724 mingdan ziyod adabiyotlar va 100 dan ortiq boshqa nashrlar mavjud.

Rekonstruksiya qilinishi

tahrir

Kutubxonani rekonstruksiya qilish ishlari 2020-yilda boshlangan boʻlib, u 2023-yilga qadar davom etgan[2]. Rekonstruksiya ishlari San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg’armasi tashabbusi bilan boshlangan. Bino koʻrinishini qayta loyihalash maqsadida Lyubov Leontyeva boshchiligidagi Rossiyaning „Ludi Architects„ arxitektorlik byurosi jalb etilgan. XX asrning 60-yillariga oid qimmatli devor panellarini ehtiyotkorlik bilan tiklash va saqlash uchun Turkiyaning Mesa kompaniyasi restavratorlari taklif etilgan[3].

Kitob turlari

tahrir

Kutubxonada ingliz, rus, turk tildagi kitoblar bilan bir qatorda, ko‘zi ojizlar va ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlarga moslangan kitoblar ham mavjud. Shuningdek, oʻquvchilarga kerakli ma’lumotlarni audio va video formatlarda olishlari uchun ham imkoniyatlar yoʻlga qoʻyilgan[4].

Xizmat koʻrsatilishi

tahrir

Kutubxonaga tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta olishlari kerak boʻladi. Bu ID-karta orqali kutubxona xizmatidan foydalanuvchilarni ro‘yxatdan oʻtkazish, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron tarzda olib boriladi.

Manbalar

tahrir
  1. „Kutubxona haqida“. acdflibrary.uz. Qaraldi: 2024-yil 24-aprel.
  2. uz, Kun „Toshkentda qayta tiklangan Respublika bolalar kutubxonasi o‘z eshiklarini ochdi“ (uz). Kun.uz. Qaraldi: 2024-yil 24-aprel.
  3. „Respublika bolalar kutubxonasi rekonstruksiyadan so'ng: u qanday joy va nima uchun u yerga borish kerak? — Toshkent Afishasi“ (uz-Latn). www.afisha.uz (2023-yil 7-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 24-aprel.
  4. O‘zbekiston, Sputnik „Ta’mirdan chiqqan Respublika bolalar kutubxonasi qanday ko‘rinishda — video“ (uz). Sputnik O‘zbekiston (6-sentyabr). Qaraldi: 2024-yil 24-aprel.