Usmonli davlat arbobi, 269-bosh vazir Said Halim posho (1863-1921).

Said Halim

Halim posho 1863-yilda Misr poytaxti Qohira shahridagi Shubra saroyida dunyoga kelgan. Halim posho zamonaviy Misrning asoschisi Muhammad Ali (1769-1849) ning nabirasi edi. Bolaligida arab, fors, ingliz va fransuz tillarini oʻrgangan, keyin Shveytsariyada 5 yil (1890-1895) siyosatshunoslik boʻyicha tahsil olgan. 1890-yil oxirlarida Qohira markazida Halim poshoga atab italiyalik arxitektor Antonio Laschiak loyihalari asosida saroy qurilgan. 1888-yildan u „Shura-i Devlet“ (Davlat Kengashi) aʼzosi boʻlib, keyinchalik turli maʼmuriy lavozimlarda ishlagan. 1912-yilda „Birlik va taraqqiyot“ partiyasining bosh kotibi boʻldi. 1913-yilda Mahmud Shavkat posho oʻldirilgach, bosh vazir va tashqi ishlar vaziri boʻldi. 1913-yil syentabrda Bolgariya bilan tinchlik shartnomasi tuzgani uchun sulton Mehmed V Said Halimni Imtiyoz („Sodiq xizmatlari uchun“) ordeni bilan taqdirlaydi. Halim posho bosh vazir sifatida Usmonli-Germaniya ittifoqini imzolagan, bu esa Turkiyani Birinchi Jahon urushiga kirishiga olib keldi. Urush tugagach, 1919-yil mart oyida Said Halim ittifoqchilar tomonidan urush boshlaganlikda ayblanib hibsga olindi va 1919-yil 29-mayda Malta qamoqxonasiga tashlangan. Ammo, 1921-yilda u oqlandi. Istanbulga qaytmoqchi boʻlganida unga ruxsat berishmaydi, shundan soʻng Halim posho Sisiliyaga ravona boʻladi. Halim posho 1921-yil 6-dekabrda Rimda arman dashnoqlari tomonidan „Arman qirgʻini“ dagi ishtiroki uchun oʻldirilgan. Jasadi Istanbulga olib kelinib dafn etildi.