Salohiddin Muftizoda (1886, Toshkent- n) – oʻzbek jurnalisti, tarjimon va jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri.

Tarjimai holi tahrir

Salohiddin Muftizoda
Tavalludi 1886 y
Vafoti Noma'lum
Fuqaroligi Chor Rossiyasi-O'zSSR
Kasbi jurnalist, hunarmand

Salohiddin Muftizodaning otasi mufti Abdumoʻmin (1918 yilda vafot etgan) madrasa mudarisi, bilimdon va halol inson edi. Shu sababdan u qozixona muftisi va Tarnovboshi mahallasida yer oʻlchovchilik ham qilgan. Salohhidin eski maktabni tugatgach, rus-tuzem maktabida rus tilini mukammal oʻrganadi.  U 1900-1905 yillarda madrasada oʻqish davrida Valixoja Malikov doʻkonida, soʻng ikki yil Grammafon jamiyatida ishladi.

S. Muftizoda Toshkent ulamolaridan Zokir shayx Tillashayx o’g’li, Sa’diyning „Guliston“ini oʻzbekchaga tarjima qilgan Murodxo’ja Solixo’jayev,  birinchi oʻzbek professional shaxmatchisi Azmuddinxon Xo’jayev, Bashrulloxon Asadullaxo’jayev, tilshunos olim Faxri Kamol kabi insonlar bilan hamsuhbat boʻlgan. [1]

Faoliyati tahrir

S.Muftizoda dastlab, 1916-1917 yillarda Toshkentda taʼsis etilgan “Ulamo jamiyati”ga aʼzo boʻladi. U 1917 yildan “Turon” jamiyatiga kirib, Munavvarqori Abdurashidxonov, Salimxon Tillaxonov kabi jadid yetakchilari bilan birga kurashadi.

Salohiddin Muftizoda 1917 yil noyabr oyida bir guruh taraqqiyparvar yoshlar qatorida Qoʻqonga borib, Turkiston Muxtoriyati hukumati tarkibiga kiradi va uning matbuot xizmatida faoliyat koʻrsata boshlaydi. Muxtoriyat tor-mor etilgach, u bolshevikpar taʼqibidan Sibirga qochadi va bir muddat Tomsk shahrida yashaydi. Salohiddin Muftizoda 1919 yil gʻala-gʻovurlari paytida Toshkentga kelib, VKP(b)ga aʼzo boʻladi va 1925 yilgacha sovet davlati idoralarida ishladi. U dastlab Toshkent shahar Xalq taʼlimi boʻlimida boshliq, soʻng Oʻzbekiston SSR Xalq xoʻjaligi Komissarligida oʻrinbosar kabi masʼul lavozimlarda faoliyat koʻrsatadi.

Salohiddin Muftizoda 1921 yildan "Milliy Ittihod" tashkilotiga kirgan va uning faollaridan boʻlgan. 1925 yildan bolsheviklar Toshkent shahrida yangi yoʻl qurilishi bahonasi bilan xalqimizning qator tabarruk qadamjolarini, qabristonlarni buzib yubora boshladi. S.Muftizoda xalqning milliy qadriyatlariga nisbatan bunday bepisand munosabatga chidab tura olmadi. U Toshkent ulamolari bilan shoʻro maʼmurlarining bunday nojoiz xatti-harakatlariga qarshi namoyishlar tashkil etadi. Bu esa sovetlarning S.Muftizodaga qarshi jiddiy hujumiga bahona boʻladi. Hatto, „Mushtum“ jurnalida avvaliga karikatura, soʻng Gʻ.Yunusning „Azozil va Iblis“ deb nomlangan buyurtma maqolasi bosildi.

Qatagʻon yillari tahrir

Shundan soʻng Salohiddin Muftizoda partiyadan oʻchirilib, uning uchun koʻpgina eshiklar bekila boshladi. U bor obroʻ va mansabidan ayrilib ishsiz qoldirildi. Shunday bir sharoitda u oʻzining boʻsh vaqtini tarjima ishiga bagʻishlab, bir qator asarlarni oʻzbek tiliga oʻgirdi5. Biroq, bu ham uzoqqa choʻzilmadi. 1932 yil 25 noyabrda uni GPU xodimlari soʻnggi ish joyi OʻzSSR davlat kino boshqarmasida tarjimon boʻlib ishlab yurgan vaqtida qamoqqa oladilar. S.Muftizodaga OʻzSSR JKning 57-10 hamda 58-10 moddalari, yaʼni sovet davlatiga qarshi targʻibot olib borish aybi qoʻyiladi.[2]

1933 yil 4 mayda oʻtkazilgan OGPU sudida S.Muftizoda oʻziga qoʻyilgan ayblarning barchasini asosli rad etgach, otuv hukmini 10 yil qamoq jazosiga almashtirishadi. U jazo muddatini toʻliq KarLag (Karelo-Fin ASSR)da oʻtab, 1942 yil Toshkentga qaytadi. S.Muftizoda 1942-1946 yillar Toshkentda yashaydi, biroq 1946 yil unga Toshkentda yashash uchun ruxsat yoʻqligini maʼlum qilishadi. Salohiddin Muftizoda 1946 yil fevraldan Boʻstonliq tumaniga koʻchib oʻtadi. U yerda kutubxonachi boʻlib tinch emin hayot kechira boshlagan onda, izidan yana „kimlardir“ tushadi. Ularning „sharofati“ bilan 1948 yilning oxirida S.Muftizoda ishidan haydaladi va unga yana hech joyda ish berishmaydilar. 1949 yil 8 mart kuni Boʻstonliq tumani, Iskandar posyolkasi, Pekarnaya koʻchasi 8-uyda yashayotgan Salohiddin Muftizodani yana qamoqqa olishga qaror qiladilar. Unga Sovet hukumatiga qarshi targʻibot olib borganlik, yaʼni „SSSR endi AQSH, Angliyalar bilan urushadi va bu urushda yutqazadi“, deb aytgan soʻzlari asos qilib koʻrsatiladi. 1949 yil 11 mart kuni toʻldirilgan shaxsiy anketasidan uning xotini hali eng kattasi 10 yoshga ham toʻlmagan 3 farzand bilan qolib ketgani anglashiladi. Oʻtkazilgan tintuv vaqtida uning 1-USH № 500993 raqamli pasporti, oila aʼzolariga tegishli 4 dona surat va 20 ta hujjat olingan va ular 1949 yil 7 may kuni maxsus qaror asosida yoqish yoʻli bilan yoqotiladi.

1949 yil 21 martdan soʻroq mavzusi oʻzgaradi va uning qanaqadir aksilsovet targʻibot olib borganini muhokama qila boshlaydilar. Shundan soʻng 1949 yil 25 mart, 30 mart, 2 aprel va 10 aprel kunlarda oʻtkazilgan soʻroq bayonnomalari ham uning aksilsovet tashviqoti masalasiga bagʻishlandi. Biroq S.Muftizoda oʻziga qoʻyilgan ayblarni asosli va ishonchli tarzda toʻlaligicha rad etadi.

1949 yil 9 mayda Salohiddin Muftizoda uchun Ayblov bayonnomasi eʼlon qilindi. Sudda Sadriddin Kamolov, Sara Mutalova, Rashid Islomov, Fatxulla Ibragimov, Abduvali Rasulmuhammedov va Shoabdukarim Shoabdurasulovlar ishtirok etadilar. Biroq, sudda ayblov oʻz isbotini topmadi. 1949 yil 19-20 avgust kunlari Boʻstonliq tuman, Goʻzalkent qoʻrgʻonida boʻlgan qayta sud S.Muftizodani OʻzSSR JKning 58-10 I qismiga asosan yana bir bor 10 yil qamoq jazosiga hukm etadi. Hukm 1949 yil 8 martdan hisoblanib, 1959 yil 8 martgacha ijroda boʻlishi buyurildi.

1954 yil 20 oktyabrda S.Muftizodaning Qozogʻiston SSR bosh prokuroriga, 1956 yil 25 sentyabrda SSSR KGB raisiga yozgan arizalari asosida uning ishi qayta koʻrib chiqishga tortildi. 1978 yil 6 yanvarga kelibgina QozSSR Oliy Sudining Salohiddin Muftizodani toʻliq oqlash toʻgʻrisidagi qarori uning oʻgʻli Muhammedov Hamidga yuboriladi. 1992 yil 16 iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi S.Muftizodaning oqlanganligini tan oldi va maʼlumotnomani Yunusobod massiv, 4-kvartal, 13-uy, 2-xonadonda istiqomat qiluvchi oʻgʻli Muhammedov Hamid Abdullayevichga yoʻllaydi.

Manbalar tahrir

  1. [www.shosh.uz „Jadidchilik“] (2022-yil 1-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 10-noyabr.
  2. Toshkent ensiklopediyasi. Toshkent, 2009 y.