Sfinkter (yun. sphingo — qisaman, sphinkter — siquvchi muskul) — halqasimon muskullar. S. organizmdagi tabiiy tashqi teshiklarni (mas, ogʻiz, tashqi chiqaruv teshigi) yoki naysimon aʼzoning bir qismidan ikkinchi qismiga (mas, meʼdadan oʻn ikki barmoq ichakka, qovukdan siydik chiqarish kanaliga) oʻtish yoʻlidagi tirqishlar qisqarganda ularni toraytiradi yoki berkitadi. S maʼlum taranglikda boʻladi. Koʻz yoy pardasi halqasimon muskuli ham S.ga kiradi. Baʼzi S.lar koʻndalangtargʻil, boshqalari silliq muskullardan tarkib topgan. S.larni vegetativ nerv sistemasi innervatsiyalaydi.