Shaffoflik illyuziyasi — shaxsning oʻz ruhiy holati haqida boshqalarning bilish darajasiga keragidan ortiq baho berib yuborish tendensiyasi[1]. Shaffoflik illyuziyasining yana bir koʻrinishi (baʼzan kuzatuvchining shaffoflik illyuziyasi deb ataladi) odamlar oʻzlari boshqalarning shaxsiy ruhiy holatini qanchalik yaxshi tushunishlarini ortiqcha baholash tendentsiyasidir. Bu kognitiv tarafkashlik assimetrik tushuncha illyuziyasiga oʻxshaydi.

Eksperimental qoʻllab-quvvatlash

tahrir

Elizabeth Newton Stanford universitetida psixologiya boʻyicha doktorlik dissertatsiyasi uchun ushbu fenomenni yoritib beruvchi oddiy bir testni yaratgan[2]. U „Happy Birthday“ yoki davlat madhiyasiga oʻxshash taniqli qoʻshiq melodiyasini barmogʻi bilan chertib chaladi va sinovdan oʻtayotgan odamdan bu qaysi qoʻshiq ekanligini taxmin qilishini soʻraydi. Odamlar odatda taxminan melodiya yarmiga yetganida qoʻshiqni toʻgʻri taxmin qilishini taxmin qilishadi, lekin faqat 3 foiz odam toʻgʻri javobni tanlaydi. Barmoqlarini chertib ohang hosil qilayotgan odam har bir notani va qoʻshiq matnini xuddi boshida yangrab turgandek eshitishi va barmoqari bilan melodiyani aniq chalyapman deb oʻylashi mumkin; ammo, kuzatuvchi faqat ritmik taqillatishni eshitayotgan boʻladi xolos[3].

Omma oldida nutq soʻzlash va sahna qoʻrquvi

tahrir

Shaffoflik illyuziyasi odatda notiqlarda yaqqol namoyon boʻladi[4]. Bu Spotlight effekti bilan ortishi mumkin. Maʼruzachi nutqi davomida qanchalik asabiylashayotgani tomoshabinlarga ham sezilib turibdi deb oʻylashi va bundan battar asabiylasha boshlashi mumkin. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, tinglovchilar aslida maʼruzachining qanday ruhiy holatda ekanligini u oʻylaganchalik yaqqol payqashmagan. Omma oldida nutq soʻzlashdagi dastlabki hayajon stressni keltirib chiqarishi mumkin, chunki shaffoflik illyuziyasi tufayli maʼruzachiga uning ahvoli tinglovchilarga aniq sezilib turgandek tuyulishi mumkin. Bu notoʻgʻri fikr maʼruzachidagi asabiylik battar ortishiga olib kelishi mumkin, keyin u yana undagi qoʻrquv tomoshabinlarda undanda yaqqol sezilayotgandek his qiladi va teskari aloqa zanjirida stress kuchayib boraveradi. Boshqa odamlar bir shaxsning ruhiy holatini qanchalik payqay olishini anglab yetish orqali qoʻrquv va asabiylik girdobidan chiqib ketish mumkin.

Notiqlik va shaffoflik illyuziyasi boʻyicha tadqiqotlar

tahrir

Kenneth Savitsky va Thomas Gilovich shaffoflik illyuziyasi bilan bogʻliq holda omma oldida nutq soʻzlash boʻyicha ikkita tajriba oʻtkazdilar. Birinchisida maʼruzachining oʻzi oʻz asabiyik darajasini qanchalik anglayotgani va tinglovchilarning maʼruzachidagi asabiylikni qay darajada payqayotganini nazorat qilish uchun oʻtkazilggan. Natijalar kutilganidek boʻldi: maʼruzachi oʻz asabiylik darajasini kuzatuvchilardan koʻra keskinroq baholadi.

Savitsky va Gilovich ikkinchi tadqiqotida shaffoflik illyuziyasi va nutq paytidagi asabiylikning kuchayishi oʻrtasidagi bogʻliqlikka eʼtibor qaratdilar. Ushbu tadqiqot ishtirokchilari uch guruhga boʻlingan: nazoratdagilar, ishonchlilar va xabardorlar. Hammaga mavzu berildi va omma oldida nutq tayyorlash uchun besh daqiqa vaqt ajratildi, shundan soʻng ular oʻzlarini asabiylik, nutq sifati va tashqi koʻrinish boʻyicha baholadilar, kuzatuvchilar ham ularni asabiylik darajasi va nutq sifati boʻyicha baholadilar. Nazoratdagilar guruhiga oldindan koʻrsatmalar berilmagan. Ishonchlilar va xabardorlar guruhlariga nutq soʻzlashda hayajonlanish odatiy hol ekanligi oldindan aytilgan. Ishonchlilar guruhiga tadqiqotdan tashvishlanmaslik kerakligi aytilgan. Maʼlumotga ega boʻlgan guruhga shaffoflik illyuziyasi haqida, his-tuygʻular odatda boshqalarga u qadar ham yaqqol sezilmasligi toʻgʻrisida ham aytib berilgan. Maʼlumotga ega boʻlgan guruh oʻzini har jihatdan yuqori baholadi va oʻz navbatida kuzatuvchilar tomonidan ham yuqori baholandi. Tinglovchilar ularning qanchalik asabiyligini seza olmasligini tushungan guruh kamroq stressga tushdi va nutqlari yaxshiroq chiqdi[5].

Kuzatuvchi effekti

tahrir

Thomas Gilovich, Kenneth Savitsky va Victoria Husted Medvec bu hodisani qisman kuzatuvchi taʼsirining sababi boʻlishi mumkin deb hisoblashadi. Ular shaxsning ichki kechinmalari kuzatuvchilarga unchalik ham yaqqon sezilmasligi, ammo odatda odamlar boshqalarning fikrini oʻqiy olaman deb oʻylashga moyil ekanliklarini aniqladilar[6].

Potensial favqulodda vaziyatga duch kelganda, odamlar odatda sovuqqonlik bilan o'ynaydilar, vaziyatga beparvolik bilan qarashadi va inqiroz haqiqatan ham yaqinlashib qolgan yoki yo'qligini aniqlash uchun boshqalarning reaksiyalarini kuzatadilar. Hech kim, agar bu haqiqiy favqulodda vaziyat bo'lmasa, ortiqcha tashvishlanishni xohlamaydi. Har bir kishi o'zini tutib turadi, beparvo ko'rinadi va boshqalarning reaksiyalarini kuzatadi va odamlarda jiddiy reaksiyani ko'rmasa (ehtimol noto'g'ri) vaziyat favqulodda muhim emas, aralashishimga hojat yo'q degan xulosaga keladi.

— Thomas Gilovich, Kenneth Savitsky, and Victoria Husted Medvec, Journal of Personal and Social Psychology, Vol. 75, No. 2

Havolalar

tahrir
Izohlar
  1. Shatz. „The Illusion of Transparency: Why You Are Not As Obvious As You Think You Are“. Effectiviology (2016). Qaraldi: 11-noyabr 2017-yil.
  2. Ong. „The Science of Effective Team Discussions“. Civil Service College, Singapore (2011-yil aprel). 2013-yil 10-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 8-fevral 2015-yil.
  3. McRaney. „The Illusion of Transparency“. You Are Not So Smart (14-iyul 2010-yil). Qaraldi: 20-iyul 2011-yil.
  4. Ireland, Christopher (2020). „Apprehension felt towards delivering oral presentations: a case study of accountancy students“. Accounting Education. 29-jild, № 3. 305–320-bet. doi:10.1080/09639284.2020.1737548.
  5. Savitsky, Kenneth; Gilovich, Thomas (2003). „The illusion of transparency and the alleviation of speech anxiety“ (PDF). Journal of Experimental Social Psychology. 39-jild, № 6. 618–625-bet. doi:10.1016/s0022-1031(03)00056-8. 2012-03-13da asl nusxadan (PDF) arxivlandi.
  6. Gilovich, Thomas; Savitsky, Kenneth; Medvec, Victoria Husted (1998). „The Illusion of Transparency: Biased Assessments of Others' Ability to Read One's Emotional States“ (PDF). Journal of Personality and Social Psychology. 75-jild, № 2. 332–346-bet. doi:10.1037/0022-3514.75.2.332. PMID 9731312. 2012-03-13da asl nusxadan (PDF) arxivlandi.