Shahrisabz konserva aksiyadorlik jamiyati
"Shahrisabz konserva" aksiyadorlik jamiyati – oziqovqat sanoati korxonasi. Shahrisabz shahrida joylashgan. „Oʻzmevasabzavotuzumsanoat xolding“ kompaniyasi tarkibiga kiradi. Asosan., qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan: tomat pastasi, meva va uzum sharbatlari, sabzavot konservalari ishlab chiqaradi. Korxona qurilishi 1943-yilda boshlangan, 1947-yilda dastlabki konserva mahsulotlari ishlab chiqargan. 1994-yildan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati. 1996-yilda korxonada „Mevalar kamalagi“ Oʻzbekiston—Britaniya qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Korxonaning ishlab chiqarish tizimida pomidor sexi (sutkalik quvvati 1131,2 t pomidorni qayta ishlash; tomat pastasi), meva sexi (olma, behi, nok, shaftoli kompotlari), sharbat sexi (olma, uzum, rovoch sharbati), sabzavot sexi (bodring va pomidor konservalari) va boshqalar yordamchi sexlar mavjud. Shahrisabz konserva aksiyadorlik jamiyati sexlari 90-yillardan boshlab Italiya, Vengriya, Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Shuningdek, korxonada yiliga 750 ming dona tunuka banka tayyorlaydigan sex bor. Tayyorlangan mahsulotlar, asosan, ichki bozorda sotiladi, chet ellarga – Rossiya, Ukraina, Belarus davlatlariga (tomat pastaning 30%) eksport qilinadi.
2003-yilda 42834,1 ming shartli banka konserva, shu jumladan, 2197,4 ming banka sabzavot, 33548 ming banka tomat, 7088 ming banka meva konservalari ishlab chiqarildi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |