Shajarayi Turk“, „Shajarai turk va moʻgʻul“ (tarjimasi: „Turkiy xalklar va moʻgʻullar shajarasi“) – tarixiy asar, muallifi Abulgʻoziy Bahodirxon. Eski oʻzbek tilida yozilgan. „Shajarayi turk“ XIII—XVII-asrlardagi moʻgʻul va turk hukmdorlari haqidagi maʼlumotlarni, xususan, Markaziy Osiyo xonliklari, jumladan, Xiva xonligining muallif yashagan davrgacha boʻlgan tarixini oʻz ichiga olgan. „Shajarayi turk“ Abulgʻoziy Bahrdirxonning oʻlimi tufayli nihoyasiga yetkazilmay qolgan boʻlsada, uning oʻgʻli Anusha Muhammadxon (1663—1687) topshirigʻiga muvofiq, urganchlik tarixchi Maxmud ibn Mulla Muhammad Zamon Urganjiy tomonidan baʼzi maʼlumotlar bilan toʻldirilgan. „Shajarayi turk“ning yozilish sababi muallif tomonidan quyidagicha izohlangan: „Ammo bizning otaaqalarimizning beparvoliqi va Xorazm xalqining bevuqufliqi, bu ikki sababdin, bizning jamoatimizning Abdullaxonning (Abdullaxon II) otalari birlan bizning otalarimizning ayrilgan yeridin to bizga kelguncha tarixlarini bitmay erdilar. Bu tarixni bir kishiga taklif qilali teb fikr qilduk, hech munosib kishi topmaduk, zarur boʻldi (va) ul sababdin oʻzimiz aytduk“. Asar moʻʼjaz muqaddima va 9 bobdan tashkil topgan.

„Shajarayi turk“ning 7, 8 va 9-boblari (1644-yilgacha kechgan voqealar) Abulgʻozixon tomonidan yozilgan. 1, 6-boblar va 9-bobning davomi (1644—1664) Mahmud ibn Mulla Muhammad Zamon Urganjiy tarafidan bitilgan. „Shajarayi turk“da koʻplab etnografik hamda Xorazmning ijtimoiyiqtisodiy ahvoliga doyr maʼlumotlar bor. Asarning bizgacha yettidan ortiq qoʻlyozma nusxasi yetib kelgan, ular Toshkent, Ashxobod, Sankt-Peterburgdagi fondlarda saqlanmoqda.

„Shajarayi turk“ omma tushunadigan tilda va ommabop usulda yozilganligi bilan ajralib turadi. Hodisalar bayonidagi ixchamlik, ifodaning izchilligi, voqealarni latifa va rivoyat uslubida sodda, ravon tasvirlash asarning muhim tomoni hisoblanadi. Manba grammatik qurilishi, lugʻat tarkibi nuqtai nazaridan xalq soʻzlashuv tiliga yaqin turadi. Abulgʻozixon „Shajarayi turk“ni yozishda ilgari bitilgan bir nechta tarixiy asarlar, xususan, Rashiduddinning „Jomeʼ uttavorix“, Sharafuddin Ali Yazdiyning „Muqaddimayi Zafarnoma“sidan kerakli oʻrinlarda unumli foydalangan. Mazkur asar rus, fransuz va nemis tillarida nashr etilgan.

Adabiyot

tahrir
  • Abulgʻoziy, Shajarayi turk, T., 1992; Ivanov S. N., „Rodoslovnoye drevo tyurok“ Abul Gazixana. Grammaticheskiy ocherk, T., 1969.

Hamidulla Dadaboyev.