Spazmofiliya
Spazmofiliya (yun. spasmos — tortishish va philia — moyillik), shaytonlash — qonda kalsiy miqdorining kamayishi natijasida paydo boʻlib, vaqtvaqtida shaytonlab qolish bilan kechadigan kasallik. Odatda, 2 yoshgacha boʻlgan bolalarda, ayniqsa bahorda koʻproq kuzatiladi.
Bolani yaxshi parvarish qilmaslik, notoʻgʻri emizish, toza havoda kam olib yurish Sning rivojlanishiga sabab boʻladi. Kasallikning yashirin va ochiq shakli bor. Yashirin shakli bola nervining oʻta qoʻzgʻaluvchanligi bilan harakterlanadi. Boshqa kasalliklar qoʻshilganda, ayniqsa raxit zoʻrayganda ochiq shaklga oʻtadi, bunda har xil muskullarda tortishish va tirishish roʻy beradi. Koʻpincha bola chinqirib yigʻlaganda tovush yorigʻi torayib, muskullari tortishib qoladi (spazm).
Baʼzi bolalarda qoʻl va oyoq panjasi muskullarining tortishishi kuzatilib, bu bir necha soatdan bir necha kungacha choʻzilishi mumkin.
Shaytonlash paytida bolaning hushdan ketishi Sning xavfli koʻrinishidir. Dastlab bolaning rangi oqarib, yuz muskullari ucha boshlaydi, soʻngra umumiy shaytonlash boshlanadi. Bolaning boshi orqaga tortib ketadi, ogʻzidan soʻlak oqadi, lablari koʻkaradi, nafasi oʻzgaradi, beixtiyor siyib yuboradi va ichi ketadi. Talvasa bir kunda bir necha marta tutib, har safar 20—30 min.gacha davom etishi mumkin. Odatda, bolada xurujdan soʻng hech qanday asorat qolmaydi. Ayrim hollarda nafas yoki yurak faoliyatining toʻxtab qolishi natijasida oʻlim roʻy berishi mumkin.
Bolada tirishish paydo boʻlishi bilan vrach chaqirish lozim. Bolaning nafas olishi qiyinlashsa, vrach kelguncha unga toza havo yoki kislorod yostigʻidan kislorod berish kerak.
Xuruj paytida bola baʼzan tilini tishlab oladi yoki tili nafas yoʻlini toʻsib qoʻyadi, shuning uchun bint bilan tilni tortib turgan maʼqul.
S.ning oldini olishda bolani toʻgʻri parvarish qilish, vrach tavsiya etgan parhez taomlar bilan ovqatlantirish, toza havoda olib yurish katta ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |