Shayx Jalol Hiraviy Buxoriy
Shayx Jalol Hiraviy Buxoriy — ilohiyot ilmi va shoirlikda nom qozongan shaxslardan biri.To‘liq nomi Shayx Jalol Hiraviy Buxoriy. Tug‘ilgan yili manbalarda qayd etilmagan. Lekin vafoti sanasi aniq ko‘rsatilgan, yaʼni hijriy 955-yili (1548—1549) 70 yoshda vafot etganligi zikr etilgan. Shayx Jalol 1478-yilda Hirotda tavallud topgan. O‘z ustozi Shamsiddin Muhammad Rujiydan tariqat asoslarini o‘rganadi. Shamsiddin Muhammad Rujiy o‘z davrining mutasavvif olimi, shoiri, shuningdek, Abdurahmon Jomiyning do‘sti edi. Har ikkalasi ham Saʼdiddin Koshg‘ariydan taʼlim olishgan. Shamsiddin Muxammad Rujiy 1489-yilda vafot etgach, Shayx Jalol Buxoroga keladi. Buxoroga kelishining boshqa sabablari ham mavjud. XVI asr boshlarida Hirotda sunniy va shia ulamolari o‘rtasida keskin nizolar yuz berib, har ikkala tomon bir-birini taʼqib qilishga kirishadi. Ko‘plab sunniy ulamolari, shoirlar, tarixchilar, musavvirlar Movarounnahrga ko‘chishga majbur bo‘ladilar. Bular orasida Shayx Jalol ham bor edi. Shayx Jalol Hirot Muhammad Shayboniyxon tomonidan olingandan keyin Buxoroga kelgan bo‘lishi kerak[1].
Xalq orasida tasavvuf olimi va amaliyotchisi, qisman shoir sifatida tanilgan Shayx Jalol Shayboniy Abdulazizxon (1539-1549) eʼtiborini qozonib, uning maʼnaviy ustoziga aylanadi. Xon tarafidan ko‘p iltifot va muruvvatlar ko‘radi. „Muzakkiri ahbob“ muallifi Shayx Jalolning maqom va darajasini yaxshi bilgani va uning xalq orasidagi obruyiga guvoh bo‘lgani bois, shayx to‘g‘risida iliq so‘zlarni yozib oldirgan. Jumladan, „Baxt nishonli bu xon (yaʼni Abdulazizxon) darvishlar muxlisi bo‘lib, ularga ko‘p eʼtiqod qo‘ygan edi. Sidq bilan iroda qaydida etuk ustoz Shayx Jalolga murid ham edi. Shayx Jalol shirin kalom va muaddab kishi edi“. Bu taʼrif va tavsiflar Shayx Jalolning maʼnaviy-axloqiy cho‘qqilarni egallaganidan va Buxoro maʼnaviy olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lganidan dalolat beradi. U majlislarda hadis aytib, majlis ahlini o‘ziga rom etgan. Hadis maʼnolari mag‘zini chaqishda esa tengsiz hisoblangan. Uning odatlaridan biri so‘zni takror-takror aytish bo‘lsa-da, bu narsa tinglovchiga hech malol kelmas ekan.
Tasavvuf ilmida o‘z davrining kuchli olimlaridan sanalgan
Shayx Jalol sheʼrlar mashq qilgan. Quyidagi matlaʼ va ruboiylar uning qalamiga mansub:
To husni yor az ruhi xubon namudaast,
Moro xayoli dilbaru shohid rabudaast.
Mazmuni: Yor husni xublar yuzida ko‘ringach, mendan dilbaru talabgor xayolini o‘g‘irlab ketdi.
Onho ki zi jomi ishq sarmast shudand,
Nodida ruhash tamom az dast shudand.
Dar rohi talab qadam nihodand zi zar,
Chun xok ba rohi ahli dil past shudash.
Mazmuni: Ishq jomidan sarmast bo‘lganlar Uning yuzini ko‘rmay turib, butunlay qo‘l-oyoqdan tushib qoldilar. Boshlari bilan talab yo‘liga qadam qo‘ydilar, tuproqdek ahli dil yo‘lida yerga to‘shaldilar[2].
Manbalar
tahrir- ↑ To'rayev H.H. Buxoro tarixi. Buxoro: Durdona, 2020 — 320-bet. ISBN 978-9943-6571-0-6.
- ↑ To'rayev H.H. Buxoro toponimikasi. Buxoro: Durdona, 2021 — 276-bet. ISBN 978-9943-7455-7-5.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |