Sheʼrshunoslik - sheʼr tuzilishi, sheʼriy asarning gʻoyasi, badiiyati va shaklini oʻrganuvchi fan sohasi, adabiyotshunoslikning bir boʻlimi. Sh.ilmiy jihatdan asosan 3 narsani: sheʼr sanʼati, sheʼr vazni va sheʼr qofiyasini oʻrganadi. Sheʼrning mazmun jihatlarini (maʼlum qadar, gʻoyaviy xususiyatlarini ham) oʻrganish esa adabiy tanqidning vazifasiga kiradi. Sh. fonika (qofiya va tovush usullari), megrika (vazn) va strofika (band va qofiyalar tuzilishi) kabi qismlardan iborat. Sh. sheʼr tuzilishining taraqqiyotini, uning milliy til hamda boshqa xalqlarning sheʼr tuzilishlari bilan aloqasini tekshiradi.

SH. qadimdan fan sifatida shakllangan. Yunonistonda mil. av. 4—3-asrlarda yuzaga keddi va uzoq davrlargacha sheʼr yozish qoidalarini oʻrganuvchi normativ va formalistik tarzdagi fan boʻlib qoldi. Hindistonda Sh. 5-asrda paydo boʻldi. U sanskrit tilida yaratilgan, 2-ming yillikning oxiri —1-ming yillik avvaliga mansub veda adabiyotiga sharhlar yozish tarzida yuzaga keldi.

Oʻzbek Sh. tarixi, asosan, 2 yirik davrga boʻlinadi: 1) 20-asrning boshlarigacha boʻlgan davr. Mazkur davr islomning Oʻrta Osiyoga kirib kelishidan boshlab juda katta muddatni oʻz ichiga qamrab olgan. Bu davr Sh.iga doir manbalar Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari hamda Oʻrta Osiyo, jumladan, oʻzbek mutafakkir olimlarining nazm va aruz haqidagi arab, fors va turkiy (oʻzbek) tillarida yozgan risolalari, kitoblari va tazkiralaridan iboratdir. Tarixiy poetikaning ulkan bilimdonlari Abu Ali ibn Sino, Xalil ibn Ahmad, Shamsiddin Muhammad ibn Qays Roziy, Mahmud azZamaxshariy, Rashididdin Vatvot, Aruziy Samarqandiy, Yusuf Sakkokiy, Saʼdiddin Taftazoniy, Shayx Ahmad Taroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Muhammad Avfiy, Davlatshoh Samarqandiy, Atoulloh Mahmud Husayniy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari allomalarning nazm ilmi borasidagi risolayu kitoblari Sharq xalqlari, shu jumladan, oʻzbek xalqi sheʼriyati va uning nazariyasini ylmiy oʻrganish qadimdan rivoj topganligini koʻrsatadi.

9—13-asrlar davomida Forobiy, Ibn Sino, Zamaxshariy kabi mutafakkirlar oʻz risolalarida va poetikaga oid asarlarida sheʼriyatni tadqiq etishning oʻziga xos yoʻllarini koʻrsatib oʻtishgan. Mas, Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy turkiy tildagi "Funun ulbalogʻa" kitobida oʻz davri sheʼriyati, vazn, qofiya va sanʼatlar haqida muhim ilmiy maʼlumotlarni keltirgan. Alisher Navoiyning "Risolai mufradot", "Mezon ulavzon", "Majolis unnafois", Boburning "Muxtasar" asarlari ham Sharq sheʼriyatining turli muammolariga bagʻishlangan asarlar sirasiga mansub. Oʻtmishda Sharq, jumladan, oʻzbeq Sh.ida sheʼriyatni turli sohalariga koʻra oʻrganish maʼqul koʻrilgan: "ilmi aruz", "ilmi qofiya", "ilmi badiʼ", "ilmi muammo" kabi;2) 20-asrning 20—30-yillaridan to shu qungacha boʻlgan davr. Bu davrga kelib adabiyot darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarida oʻzbek sheʼriyatini oʻrganish, vazn va qofiyaga oid mulohazalar paydo boʻldi. 30—40-yillarda Fitratning "Aruz haqida", "Adabiyot qoidalari" risolalari bilan bir qatorda A.Saʼdiy, Oybek, Gʻafur Gʻulom, I.Sultonning darslik va ilmiy risolalari dunyo yuzini koʻrgan boʻlsa, oʻtgan asrning 60—90-yillarida Sh. borasida koʻplab tadqiqotlar paydo boʻldi. M.Shayxzoda, A.Hayitmetov, A.Abdugʻafurov, Sh. Shomuhamedov, S. Mamajonov, O.Sharafiddinov, A.Rustamov, U.Toʻychiyev, A.Hojiahmedov, N.Shukurov, R.Orzibekov, U.Normatov, O.Nosirov, N.Karimov, T.Boboyev, Yo.Ishoqov, J.Kamol, B.Akramov, B.Sarimsoqov, I.Haqqulov va boshqalar olimlarning tadqiqotlarida oʻzbek Sh.ining turli masalalari yoritildi.

Oʻtgan asrning 90-yillar sheʼriyati, sheʼriyatdagi yangicha dunyoqarash va uning oʻziga xos koʻrinishda aks etishi, qahramon va uning ruhiyati, shoir va uning shuuriy darajasi muammolari ilmiy ishlar mavzulariga aylandi. Oʻzbek Sh.i qadim ildizlardan oziqlangan holda jahon adabiyotshunosligining eng ilgʻor jihatlaridan bahramand boʻlgan oʻzbek fanini qoʻplab yangi tadqiqotlar bilan boyitib bormoqda.

Otabek Joʻraboyev.