Sheroziy — koʻk tusli qorakoʻl teri turi. 1—3 kunlik qorakoʻl qoʻzilaridan olinadi. Uning gulini hosil qiluvchi koʻk, qora va oq rangli jun tolalarining aralash oʻsishi natijasida juda chiroyli tovlanadi. Tolalarning nisbati va uzunligiga qarab Sh. terining och Sh. (sutsimon va poʻlatrang), oʻrta Sh. (havorang, qumushrang, marvaridrang, qoʻrgʻoshinrang), toʻq Sh. (oqish rang, sadafrang) turlari bor. Sh. teri jingalaklari oʻlchami boʻyicha mayda gulli (5 mm gacha), oʻrta gulli (5–10 mm), katta gulli (10 mm va undan ortiq) terilarga boʻlinadi. Oʻzbekistonda 10 dan ortiq ixtisoslashgan qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklarida koʻproq oʻrta gulli Sh. teri beradigan qoraqoʻl qoʻylari boqiladi.