Shivaji (1627.6.4 yoki 1630.19.11 1680.3.4) — Hindistondagi marathalar davlati asoschisi (1674), marathalarning mustaqillik uchun kurashlari rahbari. Yirik mulkdor (jogirdor) va lashkarboshi Shohji (Shoxu) oilasida tugʻilgan. Otasi Ahmadnagar va Bijaypur hokimlari xizmatida boʻlgan. 1646—55 yillarda Shivaji harbiy kuch, ayyorlik va pora bilan Maharashtraning shim.gʻarbi va Shimoliy Konkanning bir qismi, bir necha muhim qalʼalarni egallab olgan. Bijaypur bilan boʻlgan urushda (1658—61) Shivaji bir necha muvafaqqiyatli hujumlar uyushtirib, unga qarshi yuborilgan sarkarda Afzalxonni oʻldirgan (1659), biroq Boburiylar bilan boʻlgan urush (1660—65) da yengilgan. Shivaji Avrangzeb saroyiga, Agraga borishga majbur boʻlgan, hibsga olingan, lekin 1666-yil qochgan. 1670-yil kurashni qayta boshlagan va oʻz yerlari, mulklarini qaytarib olgan. 1674-yil u Raygarx (Raygad)da Maharashtraning oliy hukmdori sifatida tantanali suratda taxtga oʻtirgan. 1675—78 yillarda Shivaji Kannara, Maysur va Karnatikga gʻolibona yurishlar qilgan. Hayotining oxirda Shivaji qoʻl ostida Gʻarbiy Maharashtraning barcha hududi, Shimoliy va Janubiy Konkan, Gʻarbiy Kannara, Maysurdagi qator viloyatlar va Karnatikning bir kismi (Tanjur atrofi) bor edi. Marathalarning xaloskori, mustaqil davlati asoschisi va hinduizm himoyachisi sifatida Shivaji marathalarning milliy qahramoni sanaladi.