Shovqin — 1) keng maʼnoda — nutq va musiqani toʻgʻri qabul qilishga, xordiq chiqarishga va aqliy mehnatga xalaqit beruvchi begona tovushlar. Sh. detsibel bilan oʻlchanadi. Mas, nafas olish, barglarning shitirlashi 10, qattiq gapirish 60—70, transportning shovqini 80—100, reaktiv samolyot ovozi 140—175 detsibelga teng va h.k. Qattiq, suyuq, gazsimon muhitlardagi har qanday tebranishlar, turli dvigatel va mexanizmlar Sh.larning asosiy manbaidir. Mashinalarning detallarini aniq qilib ishlash, mexanizmlarning tovush chiqarishini pasaytirish, tovushni toʻsadigan, yutadigan va titrashni kamaytiradigan vositalarni qoʻllash yoʻli bilan Sh. kamaytiriladi; 2) texnika va fizikada (tebranma jarayonlar bilan bogʻliq boʻlgan radio, elektronika, radiolokatsiya, radioastronomiya, akustika, tovush yozish, optika va boshqalarda) davriy boʻlmagan tartibsiz tebranishlar. Mas, elektron lampalarda elektr tokining tartibsiz tebranishi, oʻtkazgichlarda elektronlarning issiqlik harakati (issiqlik Sh.i), Yer va yer atmosferasidan, Quyosh, yulduzlar, yulduzlararo muhit va boshqalardan tarqalayotgan issiqlik nurlanishlari (kosmik Sh.lar) natijasida Sh. hosil boʻladi. shahrining umumiy foydali jihatlari ham bor. Mas, radioastronomiyada chastotaning maʼlum diapazonidagi Sh. boʻyicha yulduzlar va boshqalar kosmik jismlarning radionurlanishi tekshiriladi, harbiydengiz texnikasida esa suv osti qayiq va kemalari topiladi; 3) gigiyenada — odam organizmiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan va turli kasalliklarga sabab boʻladigan tovushlar. Odam organizmiga uzoq vaqt taʼsir etishi natijasida markaziy asab sistemasi, tomirlar tonusi, hazm yoʻllari aʼzolari, endokrin sistemasi va h.k.ning faoliyati buzilishi, quloq ogʻirligi, karlik paydo boʻlishi mumkin. Sh. taʼsirida harakatning aniq muvozanati buzilib, mehnat unumdorligi pasayadi. Ortiqcha Sh. odamni ham jismoniy, ham maʼnaviy jihatdan kuchsizlantiradi. Inson uchun 20—30 detsibel zararsiz hisoblanadi. Bu tabiiy holatdir. Umuman odamga 80 detsibelli Sh. ruxsat etiladi. Qiymati 130 detsibelga teng Sh. inson quloqlarida ogʻriq paydo qiladi, 150 detsibelga yetganda chidash qiyin boʻladi, 180 denibelda hatto metall chatnab ketadi. 20-asr 70-yillarida shahar koʻchalaridagi Sh. 60—70 detsibelni tashkil qilgan, 21-asr boshida bu koʻrsatkich 100 detsibel va bundan yuqori qiymatga yetdi.

Shahrining inson salomatligiga taʼsiri haqida ibtidoiy jamoa davridan maʼlum. Uning taʼsirini kamaytirish uchun, mas, temirchilar, tunukachilar va misgarlarning kechasi ishlashi taqiqlangan. Rim diktatori Yuliy Sezar kechalari shaldirab yuradigan aravalarning shahar koʻchalarida yurishini taqiqlagan. Odam organizmiga shahrining taʼsirini oldini olish uchun hozir ham baʼzi tashkiliy, texnik va tibbiy choratadbirlar koʻriladi. Aholi yashaydigan punktlarda shahriga qarshi kurash choralari: koʻkalamzorlashtirish, koʻcha harakatini tartibga solish, transportlar signalini man etish, turar joy binolariga tovush oʻtkazmaydigan oynali (mas, plasmassa, alyuminiy) derazalar qoʻyish, lift, nasos, ventilyator kabi uskunalar Sh.ini kamaytirish va h.k. Ishlab chiqarishda shahriga qarshi kurash choralari: Sh.siz texnologik jarayonlarni qoʻllash, yangi uskunalarni Sh. oʻlchovi nazoratidan oʻtkazish, korxona binosini tovushdan izolyatsiya qilish, tovush yutuvchi qurilish materiallari ishlatish va boshqalar Shuningdek, sershovqin sex ishchilari individual himoya vositalari bilan taʼminlanadi. Bunday ishchilar shifokor (terapevt, otolaringolog, nevropatolog) koʻrigidan oʻtkazib turiladi va h.k.