Shuhratparastlik
Shuhratparastlik – shonshuhrat ketidan quvishda namoyon boʻladigan axloqiy illat. Shuhratparast inson doimo atrofdagilar va jamiyat diqqat markazida turishga, soxta obroʻ qozonishga, mashhurlikka intiladi. Oʻzini boshqalardan baland tutishga harakat qiladi. Bu hol oqibatda uni jamiyatning axloqiy talablari bilan, individ sifatidagi oʻz biologik va maʼnaviyintellektual imkoniyatlari bilan mutlaqo hisoblashmaydigan ijtimoiy nafs bandasiga aylantirib qoʻyadi. Natijada u mavjud voqelikni, atrofdagilarning oʻziga boʻlgan asl munosabatini haqiqiy baholay olmaydi, hayotdagi oʻz insoniy vazifasini bajarmay qoʻyadi. Manman, maqtanchoq kishiga aylanadi. Faqat nom chiqarishni oʻylaydi. Sh. "kasali"ga mubtalo boʻlgan inson timsoli sifatida Gerostrat tilga olinadi. U mil. av. 356 yilda tarixda nomi qolishi va abadiy shuhrat qozonish uchun olamning 7 moʻʼjizasidan biri — Efes shahridagi Artemida ibodatxonasiga oʻt qoʻygan. Hozirgi gacha uning nomi taajjub, hayrat va ayni paytda nafrat va laʼnat bilan tilga olinadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |