Siklon (yun. kyklon — aylanuvchi) — atmosferaning past bosimli oblasti. Asosan, ikki xil havo massasi chegarasida (havo frontida) yuzaga kelib, S. markazida havo bosimi eng past, chekkalarida yuqori boʻladi. Shamol atrofdan S. markazi tomon esadi. Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishi taʼsirida shamollar Shimoliy yarim sharda soat strelkami harakati yoʻnalishiga teskari, Janubiy yarim sharda soat strelkasi yoʻnalishida harakatlanadi. S. markazida bosim 950—960 mbar, baʼzida 920—930 mbar boʻladi. Past bosimli oblastni oʻrab turgan izobaralar diametri bir necha yuz km dan 2—3 ming km. gacha yetadi. Ana shu maydonda havo aylanma harakat qiladi. Kuchli shamollar esib, tezligi 20 m/sek. va hatto 30 m/sek.dan xam oshadi. Havo S. markaziy qismidan yuqoriga harakat qilgani uchun unda kupincha havo bulutli boʻladi. Havo uyurma harakat qilganidan S.ga Yerning turli kengliklaridan har xil havo massalari oqib keladi. Shuning uchun ham havo temperaturasi turli qismlarida turlicha boʻladi. Shimoliy yarim sharda S.larning old tomonida shamollar jan., jan.-gʻarbdan esgani uchun havo iliq boʻladi, atmosfera bosimi pasayadi, havoda budut koʻpayib, yogʻin yogʻadi. S. markazi oʻtgandan keyin shim. va shim.gʻarbdan sovuq shamol keladi. Qishda yomgʻir qorga aylanib, antitsiklon boshlanadi. Tropiklardan boshqa joylarda yogʻinning asosiy qismi aynan S.da yogʻadi. Shakllanishining dastlabki boskichida S. troposferaning quyi qisminigina oʻz ichiga oladi. Yetilgan S. butun troposferani qamrab olishi va hatto stratosferaning quyi qismiga tarqalishi mumkin. S.lar moʻʼtadil mintaqalarda, asosan, gʻarbdan sharqqa harakatlanadi. S.ning oʻrtacha tezligi 30–45 km/soat, baʼzida a 100 km/soatga yetadi. S. oʻtgan hududda atmosfera bosimi va shamol bilan birga havo temperaturasi, namligi, bulut va yogʻin miqdori ham oʻzgaradi. Tropik kengliklarda vujudga keladigan tropik siklonlar diametri kichikroq (100–300 km), markazida bosim 950 mbar, baʼzan 900 mbardan ham past boʻladi. Shu sababli bunday Slarda bosim farqi juda katta boʻlganidan kuchli shamollar — dovullar esadi (qarang Toʻfon). Shamolning nihoyatda tez esishi va koʻp yogʻin yogʻishi oqibatida dengizlarda kuchli toʻlqinlar koʻtariladi, quruklikda katta vayronagarchiliklarga sabab boʻladi. Oʻzbekistonga Atlantika okeanidan keladigan S.lar qishda iliq, yomgʻirli, qorli ob-havo keltiradi.