Sinantroplar
Sinantroplar (lot. Sina Xitoy va yun. antropos — odam) — eng qadimgi odamlar (arxantropyaar)ga mansub qazilma odamlar. Juda koʻp suyaklari (kalla qutisi, pastki jagʻlar parchalari, oyoq va koʻl suyaklari) oʻrta pleystotsen qoldiqlaridan ilk bor 1927—1937-yillarda Xitoydan topilgan (nomi shundan olingan). Sinantroplar morfologik jihatdan pitekantroplarga yaqin, lekin ulardan miya hajmining kattaligi (1000 sm³ ga yaqin), peshonasining birmuncha kengligi bilan farq qiladi. Sning suyak qoldiklari bilan birga ular foydalangan, ilk paleolit davriga mansub sodda tosh qurollar, ularning olovdan foydalanilganiga guvohlik beruvchi kul va hayvonlarning kuygan suyak qoldiqlari topilgan. Sinantroplar tabiiy olovdan foydalanishni bilib olishgan. Ular bunga yashin tufayli oʻrmon yongʻinlari kelib chiqishi natijasida hosil boʻlgan olovni saqlab qolish yoʻli bilan erishganlar. Bu insoniyat erishgan eng katta yutuqlardan biri boʻldi. Yurtimizda sinantropga zamondosh odamlarning suyak qoldiqlari va ular yaratgan mehnat qurollari Fargʻona vodiysining Selungʻur gʻoridan topildi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |