Sinay yozuvi — Sinay yarim orolidagi togʻlarda toshlarga bitilgan 50 ga yaqin ustyozuvning belgilar tizimi. Ustyozuvlarning 16 tasi 1905-yilda ingliz olimi F. Pitri tomonidan topilib, arxeologik maʼlumotlar asosida mil. av. 15-asrga mansub deb belgilandi; qolganlari esa 1927—35 yillar oraligʻida topildi. Ingliz misrshunosi A. Gardiner, ayrim belgilarning tashqi oʻxshashligiga asoslanib, Syo.ni misr va qad. som yozuvlari oʻrtasidagi bogʻlovchi halqa, uning yaratuvchilari esa somiylardir, deb oʻylaydi. Gardiner va uning izdoshlari ushbu yozuvni oʻqishga urinib koʻrganlar va 32 ta birbiriga oʻxshamagan belgini aniklaganlar (demak, Syo. harfiy yozuv boʻlgan). Lekin Sinay yozuvining toʻgʻri oʻqilganligi (deshifrovkasi) masalasi hanuzgacha munozarali boʻlib qolmoqda. Uning turli olimlar tomonidan turlicha (jiddiy farqlar bilan) oʻqilishi sababli, koʻpchilik mutaxassislar (mas, nemis olimlari G. Bauer va I. Fridrix) bu yozuv qali toʻgʻri oʻqilmagan, degan fikrdalar. Baʼzi manbalarda Syo. mil. 2—4-asrlarda Sinay yarim orolida qoʻllangan oromiy yozuvining bir koʻrinishidir, degan fikr ham uchraydi.