Sinonimlar

shakli har xil, maʼnosi esa bir xil yoki bir oz farqli boʻlgan soʻzlar

Sinonimlar (qadimgi yunoncha: σύν va ὄνυμα — bir nomli) — bir umumiy maʼnoga ega boʻlgan (denotativ maʼnosi bir xil), qoʻshimcha (konnotativ) maʼnosi (ekspressiv,) uslubiy va boshqa munosabat kabilarni ifodalovchi xususiyatlari) bilan oʻzaro farqlanadigan til birliklari — soʻz, ibora, sintaktik birlik va boshqa, boshqatdan, qayta, qaytadan, yangidan, yana, takror kabi soʻzlari sinonim soʻzlar hisoblanadi.

Til birliklari bir xil maʼnoga ega boʻlish hodisasi sinonimiya deyiladi. Bu hodisa qanday til birliklariga xosligiga qarab, lugaviy (leksik) sinonimiya, frazeologik sinonimiya, sintaktik sinonimiya kabilarga boʻlinadi. Oʻzaro sinonim boʻlgan soʻzlar guruhi sinonimik qator deyiladi. Sinonimik qator 2 va undan ortiq soʻzlardan tashkil topadi. Mas, buloq — chashma sinonimik qator 2 soʻzdan, yuz, aft, bashara, bet sinonimik qator esa koʻp soʻzlardan tuzilgan. Koʻp maʼnoli soʻzlar muayyan maʼnosi yoki maʼnolari bilan bir yoki birdan ortiq sinonimik qatorga kirishi mumkin. Bitirmoq soʻzi bir maʼnosi bilan tugatmoq, tugallamoq, tamomlamoq soʻzlari qatoriga, boshqa maʼnosi bilan esa ado qilmoq, yoʻqotmoq, yoʻq qilmoq so'zlari qatoriga kiradi.

Sinonimik qatordagi birinchi soʻz bosh soʻz (asosiy soʻz) hisoblanadi. Bosh soʻz, odatda, hozirgi adabiy tilga mansubligi, emotsional boʻyoq, uslubga koʻra betarafligi va shu kabi xususiyatlari bilan shu qatordagi boshqa soʻzlardan farqlanadi, hamda, xuddi shu xususiyatlariga koʻra tilda boshqalariga nisbatan keng qoʻllaniladi. Chiroyli, goʻzal, husnli, husndor, xushroʻy, koʻhli, zebo, suluv, sohibjamol sinonimik qatorda chiroyli soʻzi shunday belgilarga ega va bosh soʻz hisoblanadi. Qolgan soʻzlar esa har biri oʻziga xos belgi-xususiyati bilan boshqalaridan farqlanadi: goʻzal soʻzi belgini kuchli (yuqori) daraja bilan ifodalaydi; barno, zebo soʻzlari koʻproq kitobiy uslubga ega, suluv soʻzi esa nisbatan kam qoʻllanadi va hokazo. Nutqda sinonimlarning har biridan ularga xos belgi, xususiyatlarni hisobga olgan holda foydalanish muhim ahamiyatga ega.

Yana qarang

tahrir