Sirimavo Bandaranaike
Sirimavo Bandaranaike — Bosh vazir sifatida saylangan dunyodagi birinchi ayol.1960-yilgi Shri Lankada o'tkaziilgan saylovlarda g'alaba qozongan va demokratik yo'l bilan bosh vazirga aylangan birinchi ayol boʻlgan.
Sirimavo Bandaranaike | |
---|---|
Sirima Ratwatte Dias Bandaranaike | |
Tavalludi |
17-aprel 1916-yil |
Vafoti |
10-oktyabr 2000-yil (84 yoshda) Shri Lanka |
Fuqaroligi | Shri-Lanka |
Bolaligi
tahrirSirima Ratvatte 1916-yil 17-aprelda oʻsha paytda Buyuk Britaniya mustamlakasi boʻlgan Tseylon (Yevropaliklar Shri-Lankani shunaqa deb atashgan) orolidagi yirik shaharlardan biri Ratnaputra chekkasida tugʻilgan. U 6 farzandlik oilaning eng kattasi edi, 4 nafar ukasi va 1 nafar singlisi boʻlgan. Uning otasi Barns Ratvatte asilzoda oilaga mansub boʻlib, siyosatchi edi. U Balangoda shahar hokimi lavozimini mahalliy an'analarga koʻra xotinining otasidan meros qilib olgan edi. 1915-yilda Tseylonning soʻnggi mustaqil qismini ham Buyuk Britaniya tarkibiga qoʻshilishiga sabab boʻlgan «Kandi konvensiyasi»ni imzolaganlar orasida Ratvatte oilasi a'zolari ham boʻlgan.
Dastlab Sirima Balangodagi xususiy bog'chaga qatnaydi. Keyinchalik nomi hurmat ma'nosidagi «vo» qoʻshimchasi qoʻshilib Sirimavo boʻlgan Sirima orol poytaxti Kolombo shahridagi nufuzli maktablardan birida ta'lim oladi.
Turmush
tahrirMaktabni tugatgandan soʻng, ota-onasi uni turmushga uzatish harakatiga tushadi. Kuyovlikka munosib nomzodlar ikki nafar edi. Ulardan biri, uzoq qarindosh boʻlgan nomzod rad etiladi. Ikkinchi nomzod Sulaymon Bandaranaikening nomzodi masalasida oila ikkilanib turar edi. Sulaymon uncha taniqli boʻlmagan nufuzli boy oila vakili boʻlib, Sirimavodan qariyb 20 yosh katta edi. U mahalliy ma'muriyat masalalari boʻyicha vazir boʻlib ishlardi. Oxir-oqibat Ratvatte oilasi Sulaymonning siyosiy martabalardan koʻtarilishiga ishonadi va nikohga rozi boʻladi. Toʻy 1940-yil oktabr oyida boʻlib oʻtadi. Bu to'y mahalliy gazetalar tomonidaan ,,Asr toʻyi" deya ataladi. Yangi turmush qurgan oila Kolombo shahriga koʻchib oʻtadi, u yerda Sirimavoning siyosiy faoliyati boshlanadi.
Siyosatga kirib kelish
tahrir1948-yilda Tseylon Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishadi. Undan bir yil oldin, Sulaymon Bandaranaike orolning birinchi qonuniy parlamentiga saylanadi va yosh davlatda parlament raisi hamda sogʻliqni saqlash vaziri boʻlib ishlardi. Bu vaqtda Sirimavo siyosiy jarayonlarda va uning muhokamasida qatnashmaydigan uy bekasi vazifasini bajarardi. Keyinchalik Sulaymon Bandaranaike oʻz esdaliklarida uyda mehmonlarni qabul qilayotganda, shakar idishiga qoshiq yoʻqligi uchun mehmonlar oldida xotiniga tanbeh berganini, soʻng Sulaymon Sirimavoning siyosat bilan shugʻullanish niyatida ekaniga ishora qilib, «hali men bular haqida gʻam chekishim kerak», deydi.
Oradan koʻp oʻtmay Sirimavo erining asosiy maslahatchisiga aylanadi va uni Ozodlik partiyasini tuzishga koʻndiradi. 1952-yilda parlament saylovlari oldidan Sirimavo erining saylov kompaniyasida asosiy targʻibotchi vazifasini egallaydi va Sulaymonni qizgʻin qoʻllab-quvvatlaydi.
Sirimavoning sa'y-harakatlari bilan Ozodlik partiyasi parlamentda toʻqqizta oʻringa ega boʻladi va Sulaymon Bandaranaike parlamentdagi muxolifat yetakchisiga aylanadi. Oradan toʻrt yil oʻtgach, Ozodlik partiyasi boshchiligidagi koalitsiya navbatdagi parlament saylovlarida mutlaq koʻpchilik ovoz bilan gʻalaba qozonadi va Sulaymon Bandaranaike bosh vazir boʻladi. Ammo 1959-yil 25-sentabrda u oʻldiriladi. Uni, mamlakatdagi islohotlarga qarshi boʻlgan budda rohibi oʻldiradi.
Siyosiy faoliyat
tahrirBosh vazirning oʻldirilishi mamlakatda siyosiy inqirozni keltirib chiqaradi. Parlament koalitsiyasi parchalanib, Sirimavo ishtirok etishga qaror qilgan qoʻshimcha saylovlar parlament tarqatib yuborilgani uchun boʻlib oʻtmaydi.
1960-yil mart oyida boʻlib oʻtgan parlament saylovlarida Sirimavo qatnashishdan bosh tortadi. Unda Birlashgan milliy partiya gʻalaba qozonadi. Ammo bir necha oy oʻtgach, yangi bosh vazirga ishonchsizlik bildiriladi va parlament yana tarqatib yuboriladi. Oʻsha yilning iyul oyida muddatdan avval yana parlament saylovlari boʻlib oʻtadi. Saylovdan avval Sirimavo Bandaranaike bir ovozdan Ozodlik partiyasining raisi etib saylanadi. Shundan soʻng u oʻz saylovoldi targʻibotini muvaffaqiyatli tarzda olib boradi: butun mamlakat boʻylab saylovchilar oldida hayajon bilan nutqlar soʻzlaydi va oʻldirilgan erining siyosiy yoʻnalishini munosib ravishda davom ettirishni va'da beradi.
Saylovchilar oldida nutq soʻzlayotganda Bandaranaike koʻpincha koʻz yoshlarini tiyib turolmasdi. Shuning uchun u oʻz raqiblaridan «Yigʻlayotgan beva» laqabini oladi. Boʻlib oʻtgan saylovlarda xalq Sirimavoga raqiblik qilgan siyosatchilarning u haqdagi shubhalariga uchmaydi — saylovlarda Ozodlik partiyasi mutlaq koʻpchilikning ovozini qoʻlga kiritdi. Shundan soʻng Sirimavo Bandaranaike Shri-Lanka bosh vaziri hamda mamlakatning mudofaa va tashqi ishlar vaziri boʻladi.
Sirimavo hukumat rahbari boʻlganidan soʻng, marhum erining mamlakat iqtisodiyotning muhim sohalarini bosqichma-bosqich milliylashtirish boʻyicha boshlagan ishlarini davom ettiradi. 1961-yilda qonun qabul qilinib, unga koʻra ingliz tili oʻrniga singal tili davlat tili etib belgilanadi. Ushbu qonun qabul qilingandan soʻng mamlakatdagi singal tilida soʻzlashuvchi aholi orasida Ozodlik partiyasini qoʻllab-quvvatlovchilar keskin oshib ketadi. Ammo bu qonun tamil tilida soʻzlashuvchi aholining keskin noroziligiga uchraydi. Keyinchalik ana shu norozilik, 1983-yilda mamlakatda fuqarolar urushining boshlanishiga sabab boʻladi.
Shundan soʻng oradan biroz oʻtib aholi orasidagi noroziliklar Bandaranaike tomonidan taklif etilgan soliqlarning oshishi va iqtisodiyotning milliylashtirilishi fonida narxlarning koʻtarilishi ortidan kuchayadi.
Sirimavo tashqi siyosatda nisbatan tinchroq ish yuritadi. U Shri-Lanka tashqi siyosatda Qoʻshilmaslik harakatida boʻlishini e'lon qilgan edi. 1961-yilda Sirimavo hatto Qoʻshilmaslik harakati yetakchilarining birinchi konferensiyasida ham ishtirok etgandi. U oʻshanda bu konferensiyada ishtirok etgan mamlakat vakillari orasida yagona ayol boʻlgan. Oradan bir yil oʻtib, Xitoy va Hindiston oʻrtasida chegara masalasida oʻzaro kelishmovchilik yuz berganda u ikki mamlakat oʻrtasidagi muzokaralarda asosiy vositachilardan biriga aylanadi. 1965-yilda Sirimavo Bandaranaike navbatdagi parlament saylovlarida yutqazgandan keyin bosh vazir lavozimini tark etadi. Keyinchalik u yana saylovlarda qatnashib, ikki marta gʻalaba qozonadi va 1970-1977 va 1994-2000-yillar oraligʻida mamlakat bosh vaziri boʻladi. Ikkinchi muddatga saylanganida Bandaranaike Shri-Lankaning yangi konstitutsiyasini qabul qilishga erishadi. Yangi konstitutsiyada mamlakatga yevropaliklar qoʻygan Tseylon nomidan voz kechib, Shri-Lanka deb nomlanishi belgilab qoʻyiladi.
Yangi konstitutsiyada yana bir jiddiy ish qilinadi, unga koʻra Shri-Lanka Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta IIni davlat rahbari sifatida tan olishdan bosh tortadi va 1978-yilda mamlakatda prezident lavozimi joriy qilinadi. Sirimavo esa navbatdagi parlament saylovida yutqazib, 1977-yilda oʻz oʻrnini boshqa bosh vazirga boʻshatib beradi. Sirimavo hukumat rahbarligidan ketganidan soʻng orolda ikkita davlat toʻntarishiga urinish boʻladi. 1980-yilda prezident maxsus komissiyasi Sirimavo Bandaranaikaning yetti yil davomida davlat lavozimlarida ishlashini taqiqladi. U bir qator ayblovlar bilan birga tartibsizliklardan birini bostirish uchun favqulodda holat rejimini notoʻgʻri joriy etganlikda ayblanadi.
Sobiq bosh vazirga qarshi ilgari surilgan ayblovlar orasida «jilovlanmagan va misli koʻrilmagan tanish-bilishchilik» mavjudligiga qaramay, unga nisbatan ilgari surilgan taqiq Sirimavo Bandaranaikening bolalariga katta siyosatga oʻtish uchun xizmat qilgan. Sirimavoning oʻgʻli Anura Ozodlik partiyasining parlament fraksiyasini boshqargan. Qizi Chandrika esa akasi bilan kelisha olmay Ozodlik partiyasini tark etadi va turmush oʻrtogʻi bilan birgalikda Shri-Lanka Xalq partiyasini tuzadi. 1994-yilda parlament saylovlarida gʻalaba qozongach, Chandrika bosh vazir boʻladi va oʻsha yili Shri-Lankaning birinchi ayol prezidenti etib saylanadi.
Hayotining so'nggi damlari
tahrirSirimavo Bandaranaikega davlat lavozimini egallashga qoʻyilgan taqiq 1986-yilda prezidentning maxsus qarori bilan bekor qilindi. 1994-yildan boshlab u yana hukumatni boshqara boshlaydi. 2000-yil avgustda belgilangan muddat tugaydi va Sirimavo bosh vazir lavozimini tark etadi hamda oradan biroz vaqt oʻtib, oʻsha yilning oktabr oyida 84 yoshida vafot etadi.
Uning jon berishi ham qiziq boʻlgan. Sirimavo vafot etgan kuni parlament saylovlari boʻlib oʻtayotgan edi. U saylov uchastkasiga borib ovoz berishda qatnashadi va uyga qaytgach, jon beradi. Umrining asosiy qismini katta siyosatda oʻtkazgan bu ayolning soʻnggi qilgan ishi ham saylovda ovoz berish boʻladi.
Qiziqarli faktlar
tahrir- Sirimavo erining vafotidan so'ng, siyosiy chiqishlari vaqtida ko'z yoshlarini tiyib tura olmasdi, shu sabab raqiblari unga Yig'layotgan beva laqabini berishadi.
- Sirimavo dunyodagi birinchi ayol bosh vazir boʻlgan bo'lsa, uning qizi Shri Lankadagi birinchi ayol prezidentga aylanadi
- Sirimavo va uning qizining yutuqlariga qaramay, Shri-Lankaning hozirgi parlamentida jami oʻrinlarning 5 foizdan kamrogʻini ayollar egallagan. Mazkur koʻrsatkich boʻyicha bu mamlakat dunyoda 182-oʻrinda.
Manbalar
tahrir- ↑ „Ayollardan chiqqan ilk bosh vazir: u Yevropa yo Isroilda emas, Osiyo mamlakatida rahbarlik qilgan“. Kun.uz. Qaraldi: 19.06.2022-yil.
- ↑ „Sirimavo Bandaranaike“. Britannica. Qaraldi: 19.06.2022-yil.
- ↑ „Sirimavo Bandaranaike“. en.wikipedia. Qaraldi: 19.06.2022-yil.
- ↑ „Sri Lankans braces for political violence“. Newspaper. Qaraldi: 19.06.2022-yil.