Sirtqi taʼlim
Sirtqi taʼlim - ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va oʻrta maxsus maʼlumot olish shakli. Kunduzgi taʼlim shaklidan talaba (oʻquvchi)larning mustaqil oʻqishi bilan farq qiladi. Sirtqi taʼlim muayyan sohadan maʼlumot olish shakli sifatida 19-asrning oxirlarida Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarda joriy etilgan boʻlib, ular dastlab eksternat shaklida texnik, harbiy va pedagogik maʼlumot olishga, shuningdek, savod oʻrganishga yoʻnaltirilgan. 20-asrning 20y.larida oliy taʼlim muassasalarida Sirtqi taʼlim kurslari, keyinchalik boʻlimlari va hozirgi kunda amal qilinayotgan shakllari paydo boʻldi.
Oʻzbekistonda Sirtqi taʼlim 1938-yildan tashkil etildi. Shu yili Oʻrta Osiyo universitetida sirtqi boʻlim tuzildi. Hozir Sirtqi taʼlim oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan maxsus markaz, boʻlim va ftlarda amalga oshiriladi. Unda taʼlimning asosiy qismi (60— 70%) talaba (oʻquvchi)larning mustaqil bilim olishiga asoslangan boʻlib, ular 1 yilda 2 marta kunduzgi taʼlim shaklida oʻquv fanlaridan maʼruzalar tinglaydilar hamda semestrlar boʻyicha imtihonlar topshiradilar.
Oʻrta maxsus hamda oliy oʻquv yurtlarida Sirtqi taʼlim oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlarining sirtqi fakultet (boʻlim)larida olib boriladi. Darslik va dasturlar, odatda, kunduzgi va Sirtqi taʼlim tizimida umumiy boʻladi. Sirtqi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida (ft, boʻlimlarida) taʼlimning predmetkurs tizimi qabul qilingan. Sirtqi taʼlim tizimining mazmuni, talaba (oʻquvchi)lar tomonidan oʻzlashtiriladigan bilimlarning majburiy minimal darajalari, shuningdek, kirish imtihonlari kunduzgi taʼlim shakli bilan bir xil boʻladi. Taʼlimning sirtqi va kunduzgi boʻlimlarini bitirgan mutaxassislar uchun bir xil namunadagi diplom beriladi. Sirtqi taʼlimda qishloqxoʻjaligi, iqtisodiyot, aloqa va ayniqsa, pedagogika boʻyicha eng koʻp mutaxassis tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Sirtqi taʼlim shakli sogʻliqni saqlash tizimi uchun mutaxassislar tayyorlashda qoʻllanilmaydi.
Sirtqi taʼlim boʻyicha kasb-hunar kollejlariga tayanch umumiy oʻrta taʼlim (9 y.lik), oliy oʻquv yurtlariga kasb-hunar kollejlari, akademik litsey va umumiy oʻrta taʼlim maktablarini bitirganlar yoshlaridan qatʼi nazar qabul qilinadilar.
Oʻzbekistonda 2000/2001 oʻquv yilidan boshlab maxsus Sirtqi taʼlim shakli joriy etilgan boʻlib, unga oʻrta maxsus maʼlumot hamda 3 yillik mehnat stajiga ega boʻlgan pedagog xodimlar mos yoʻnalishlar boʻyicha qabul qilinadilar. Oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlarida sirtdan taʼlim olayotganlar uchun ularning asosiy ish joylaridan belgilangan tartibda imtiyozlar beriladi. Oʻzbekistonda ayrim fanlar boʻyicha televizion oʻquv koʻrsatuvlari, televizion olimpiadalar (asosan, umumiy oʻrta taʼlim boʻyicha) kabi Sirtqi taʼlim shakllari ham amal qiladi. 2002/2003 oʻquv yili Oʻzbekistondagi 45 oliy taʼlim muassasasida 61 ming talaba, oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida 73,7 ming oʻquvchi sirtdan taʼlim oldi. Oʻzbekistonda 1998-yilgacha umumiy oʻrta taʼlim tizimida, 2002-yilgacha aspirantura tizimida ham Sirtqi taʼlim mavjud boʻlgan.
Asqarali Sulaymonov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |