Sistematika (yun. systematikos — tartibga solingan) — biol. boʻlimi. Hozirgi mavjud boʻlgan va qirilib ketgan organizmlarni tavsiflash, roʻyxatga olish va taksonlar boʻyicha tasnif qilish bilan shugullanadi. Sistematika biol.ning barcha boʻlimlari, ayniqsa, evolyutsion taʼlimot maʼlumotlariga tayanadi; kopchilik biol. fanlari uchun asos boʻladi. Ayrim hollarda taksonomiya tushunchasi ham Sistematikaning sinonimi sifatida ishlatiladi. Tasnif qilishda organizmlarni tavsiflovchi ayrim xususiy belgilar (morfologik, fiziologik, biokimyoviy, ekologik va boshqalar) emas, balki ularning majmuasidan foydalaniladi. Organizm uchun xos xususiyatlar qanchalik koʻproq inobatga olinsa, sistematik birlik organizmlar oʻrtasida qarindoshlikni, yaʼni ularning kelib chiqishidagi umumiylikni shunchalik aniq ifodalaydi. Mas, akulalar bilan kitsimonlarning yoki qushlar bilan koʻrshapalaklarning ayrim tuzilish belgilari oʻxshash boʻlishiga qaramasdan ular har xil sistematik guruhlar (sinflar)ga mansub. Bu hayvonlarning barchasi xordalilar tipiga kiradi. Shuning uchun barcha xordalilar oʻrtasida muayyan oʻxshashlik mavjud.

Organizmlarni tasnif qilishga urinish qad. tarixdan maʼlum (Aristotel, Teofrast va boshqalar); lekin faqat J.Rey (1686—1704-yil) va, ayniqsa, K. Linney (1735-yildan boshlab) ishlari natijasida ilmiy Stansiyaga asos solindi. Dastlabki ilmiy Stansiya organizmlarning faqat tashqi tuzilishiga asoslangan boʻlib, ular oʻrtasida qarindoshlik munosabatlari inobatga olinmaganligidan sunʼiy Sistematika hisoblanadi. Ch. Darvin taʼlimoti Sistematikaga evolyusion mazmun berdi. Evolyusion taʼlimotning yaratilishi bilan Sistematikada organizmlar oʻrtasidagi geneologik munosabatlar asosiy oʻrinni egallay boshladi; sunʼiy Sistematikaning oʻrnini tabiiy Sistematika egalladi.

Sistematikada evolyusion yoʻnalish bilan birga kladistik (filogenetik) va sanokli (fenetik) yoʻnalish ham mavjud. Kladistik metod yordamida alohida shoxlarning filogenetik shajaradan ajralib chiqishiga binoan taksonlar darajasi aniqlanadi. Bu metodda ayrim guruhlardagi evolyutsion oʻzgarishlar miqyosi inobatga olinmaydi. Mas, kladistik metod boʻyicha sut emizuvchilar mustaqil sinf boʻlmasdan, sudralib yuruvchilarning bitta taksoni hisoblanadi. Sanokli, yaʼni rakamli Sistematikada organizmlarning ixtiyoriy olingan koʻpchilik belgilari matematik yoʻl bilan taxlil qilinib, har bir belgiga alohida ahamiyat beriladi. Tasnif alohida olingan organizmlarning birbiridan farq qiladigan belgilariga asoslanib tuziladi. Sistematikaning eng asosiy metodi solishtirmamorfologik metod hisoblanadi. Hozirgi Sistematikada yangi metodlar, mas, elektron mikroskopiya, kariosistematika (xromosoma apparatining tuzilishi) ham qoʻllanadi, 20-asrning oʻrtalaridan boshlab, Sistematikada biokimyoviy maʼlumotlar (xemosistematika)dan ham foydalanila boshlandi. Organizmlardagi asosiy oqsillar molekulasida aminokislotalarning, DNK va r-nK molekulalarida nukleotidlarning ketma-ketligini oʻrganish (genosistematika) Sistematikani qoʻshimcha maʼlumotlar bilan boyitadi. Hayvonlar Sistematikasida etologiya (xattiharakatlar)ga oid maʼlumotlar ayniqsa muhim ahamiyatga ega. Yangi metodlarning qoʻllanishi va turning populyatsiya tarkibi oʻrganilishi Sistematikada yangi davrni boshlab berdi.

Har qanday tirik organizmni oʻrganish uchun avvalo uning boshqa organizmlarga nisbatan oʻrnini va ular bilan filogenetik munosabatlarini aniqlash lozim. Turlar oʻrtasidagi sistematik munosabatlar toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlish genetik va biokimyoviy tadqiqotlar uchun ham zarur. Sistematika ayniqsa bir vaqtning oʻzida koʻplab turlar bilan tadqiqot olib boriladigan ekologiya va biogeografiya sohasidagi tadqiqotlarda muhim ahamiyatga ega. Stratigrafiya va geoxronologiya ham avvalo qazilma hayvonlar va oʻsimliklar Sistematikasiga asoslangan. Sistematika tirik tabiatni muhofaza qilishni tashkil etishda benihoya katta ahamiyatga ega (yana qarang Organizmlar sistemasi).

Adabiyot

tahrir
  • Molekulyarnie osnovi genosistematiki, M., 1980; Prinsipi ekologicheskoy sistematiki, perevod s angliyskogo, M., 1971.