SKANDERBEG (Scanderbeg, Skenderbeu) Georg Kastrioti (Kastrioti) (taxminan 1405—1468.17.1) — alban xalqining usmonli turklar asoratiga qarshi ozodlik kurashi rahbari, Albaniyaning milliy qahramoni. Knyaz Kastrioti xonadoniga mansub boʻlgan. Goʻdakligida turk sultoni Murod II ga garovomonat qilib berilgan, keyinchalik uning qoʻshinida xizmat qilgan. Sarkardalik iqtidori tufayli bey unvonini va Iskandar Makduniy sharafiga Iskandar (Iskandarbey yoxud buzilgan shaklda — S.) nomini olgan. Sultonga qarshi kurashish uchun yashirin suratda tayyorgarlik koʻrgan, uning ichki va tashqi dushmanlari bilan aloqa oʻrnatgan, Ya. Xunyadi bilan muzokaralar olib borgan. Nish yaqinidagi jangda (1443-yil 3 noyabr) venger qoʻshinlari sulton qoʻshini ustidan gʻalaba qozongandan soʻng, S. 300 suvoriy bilan turklar qarorgohini tark etib Dibruga kelgan va ozod dehqonlarni turk mustamlakachilariga karshi ozodlik kurashi ga daʼvat etgan. Petrelya, Petralba, Stelyushi, Torchan, Svetigrad qalʼalaridan turk garnizonlarini kuvib yuborgan. Alban mulkdorlarini birlashtirishga harakat qilgan, koʻngilli xalq lashkarlarini asosini dehqonlar tashkil etgan muntazam armiyaga aylantirgan. S. rahbarligida alban xalqi 24 yil mobaynida usmoniylarga qarshilik koʻrsatgan. S. Lej shahrida vafot etgan. Albaniyada uning nomida orden taʼsis etilgan. Tiranadagi markaziy maydon S. nomi bilan ataladi.