Skiflar podsholigi, Skiflar davlati — Shimoliy Kora dengiz boʻylarida tashkil topgan koʻchmanchi qabilalarning konfederativ siyosiy uyushmasi (mil. av. 4-asrning oʻrtasi — mil. 3-asrning 2-yarmi). Yunonrim manbalarining xabar berishicha, Skifiya hududi 3 qismga boʻlinib, ularning har biri mustaqil qabila — podsholik boʻlib, ularning oʻz toʻdasi va harbiy qabila sardori boʻlgan. Qabila — podsholik qoshida oqsoqollar kengashi boʻlib, u qonun chiqaruvchi oliy organ vazifasini bajargan. Uning huquqiy doirasi cheksiz boʻlib, qabila sardorini jazolashi va hatto oʻlimga maxkum etishi mumkin boʻlgan. Podsholik harbiydemokratik asosda boshqarilgan. Qabilaviy siyosiy uyushmalar tepasida Gerodot xabariga koʻra, "skif podsholari" turgan va ular skif fuqarolariga qul sifatida qaragan.

Mil. av. 5-asrda skiflarda mulkiy tabaqalanish jarayoni jadal kechayotgan boʻlsada, ammo, ijtimoiy hayotda hali ibtidoiy jamoachilik anʼanalari hukmron edi. Mil. av. 4-asr oʻrtalarida skif sardorlaridan Atey barcha skif qabilalarini oʻziga boʻysundirib podsholik barpo etgan, lekin u mil. av. 339 y. makedoniyalik Filipp II bilan boʻlgan jangda halok boʻladi. Atey davrida Quyi Dnepr boʻylarida Skifiyaning poytaxti qurilgan edi. Sarmatlarning siquvi bilan mil. av. 3—2-asrlarda poytaxt Qrim yarim orolga koʻchadi (qarang Neapol, Skiflar Neapoli). Aynan shu vaqtlarda Skiflar podsholigi Qora dengiz boʻylaridagi yunon shahar-davlatlari bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarni kuchaytiradi. Ammo, skiflar yunon shahardavlatlari ustiga harbiy yurishlar ham uyushtirib turadilar. Mil. av. 2-asr oxirida yunon shahar-davlatlari bilan boʻlgan navbatdagi harbiy toʻqnashuvlardan birida skif podsholaridan Skilur va Palaklar halok boʻladilar. Ammo, S p. harbiy jihatdan hali qudratli edi. Ular bilan hatgo Rim imperiyasi milodning boshlarida ham hisoblashishga majbur edi. Mil. 1-asrning 2-yarmida Skiflar podsholigi podsholar Farzoy va Inismey davrida yana kuchayib, Bospor podsholigi bilan bir necha marta urush qilgan. Skiflar podsholigining qudrati to mil. 3-asrning 2-yarmigacha uz mavqeini saqlab keldi, soʻngra Skiflar podsholigi gotlar tomonidan tormor etilgan. Ahmadali Asqarov.