Skiflar madaniyati
Skiflar madaniyati – Qora dengizning shimoliy-gʻarbiy hududlaridan to shimoliy-sharqiy Xitoygacha choʻzilgan dashtlarda (Dunay va Don, Dnepr va Dnestr quyi havzalari, Azov va Qrim dashtlari, Quyi Volga, Qozogʻiston choʻllari, Janubiy-Sharqiy Ural, Togʻli Oltoy, Janubiy Sibir dashtlari) koʻchmanchi chorvachilik bilan shugʻullanuvchi qabilalarning xoʻjalik va etnomadaniy hayoti, kundalik turmush tarzi, eʼtiqodi, urfodat va udumlari maʼnaviy dunyosining majmuasi (mil. av. 7—mil.ning dastlabki asrlari).
Skiflar madaniyati va ularning nafis sanʼati haqidagi boy materiallar skif podsholari va qabila sardorlarining mozorlarini arxeologik kazishlar tufayli qoʻlga kiritildi. Chunki, yunon muarrixlarining xabarlari va skif mozorqoʻrgʻonlarida oʻtkazilgan arxeologik qazish natijalariga koʻra, skif podsholari, qabila sardorlari vafot etganda, ularning hayotlik chogʻidagi dabdabali turmush tarzidan nishona sifatida, ular bilan birga boyligining bir qismini, sevimli xotini va xizmatkorlaridan ayrimlarini, qabila sardorining jangovarlik holatidagi qurolaslahalari va bir necha otlari bilan birga koʻmish odat boʻlgan. Skiflar yer yuzasiga kattagina yogʻoch uyxona tiklab, uning oʻrtasiga yogʻoch tobutda jangovar harbiy holatdagi kiyimkechagi bilan skif sardori jasadini qoʻyishgan. Yogʻoch tobut atrofiga marxumga tegishli har xil buyumlar: qurolaslaha, sopol, jez, oltin va kumush idishlarda ovqatlar va ichimlik koʻyilgan. Chunki, skiflar eʼtiqodiga koʻra, marxum u dunyoda ham yashashsa davom etadi, degan tasavvur mavjud boʻlgan. Marhum oyoq tomoniga xotinlaridan va unga xizmat qiluvchi choʻrilaridan baʼzilari oʻldirilib, malikaning boyligi va unga atalgan oltin arava ham qoʻshib koʻmilgan. Qabrxona (yogʻoch uy) devorlari gulli kigiz yoki gilamlar bilan bezatilgan. Qabrxona tashqarisiga marhum otlaridan uning mavqeiga koʻra, 3 tadan to 15 tagacha jangovar otlari oʻldirib koʻmilgan. Soʻng qabr ustiga xaschoʻplar bosib, ustidan tosh uyumi hosil qilishgan. Soʻng uning ustiga qalin tuproq bosilgan. Natijada, bal. 1530 m dan kam boʻlmagan mozorqoʻrgʻonlar qad koʻtargan. Ana shunday mozorqoʻrgʻonlarning koʻpi afsuski qadimda oʻgʻirlangan, qimmatbaho buyumlar talab ketilgan, ularning qish faslida oʻgʻirlanganlari ichiga suv kirib — muzlab qolgan va bizgacha shu xrlatda yetib kelgan. Mil. av. 5—4-asrlarga oid Oltoyning Poziriq mozorqoʻrgʻonlari bunga misol boʻla oladi. Masalan, "hayvon tasvirlari uslubi" nomi bilan mashhur noyob topilmalar Kuloba, Chertomlik, Soloxa, Poziriq, Bashadar, Arjan kabi skif mozorqoʻrgʻonlaridan topilgan boʻlib, hozir ular jahon madaniyat xazinasi sifatida Ermitaj va Kiyev sanʼat muzeyini bezab turibdi.
Adabiyot
tahrir- Gerodot, Istoriya v devyati knigax, per. s grecheskogo, tom 1, kn. 1—4, L., 1972; Grakov B. N., Skifi, M, 1971; Xazanov A. M., Zoloto skifov, M., 1975; Grigoryev V. V., O skifskom narode sakax, SPB, 1871; Gryaznov M. P., Arjansarskiy kurgan ranneskifskogo vremeni, L., 1980.
Ahmadali Asqarov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |