Soʻroq
Soʻroq (huquqda) — shaxsdan koʻrsatuv va tushuntiruv olish vositasi. Soʻroqni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror; sud ishlarini yuritish chogʻida esa — sud olib boradi. Tergov yoki sud ishi olib borilayotgan tilni tushunmaydigan shaxs tarjimon ishtirokida Soʻroq qilinadi. 16 yoshgacha boʻlgan guvoh va jabrlanuvchini Soʻroq qilishda uning ota-onalaridan biri yoki boshqa qonuniy vakili va pedagog ishtirok etadi. Gumon qilinuvchi va ayblanuvchi Soʻroq qilinganda uning himoyachisi hozir boʻlishi shart. Soʻroq vaqtida qiynoqqa solish, zoʻravonlik, shafqatsizlik yoki inson shaʼni va qadrqimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etish jinoyat hisoblanadi. Soʻroq qilinuvchiga uning huquq va majburiyatlari tushuntirilishi shart. Voyaga yetgan guvoh va jabrlanuvchi Soʻroqda ataylab yolgʻon koʻrsatuv bersa yoki koʻrsatuv berishdan bosh tortsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantiriladi. Qonun sud maslahatxonasida muhokama qilingan holatlar toʻgʻrisida — sudya va xalq maslahatchisini, jinoyat ishi boʻyicha — himoyachi va baʼzi shaxslarni Soʻroq qilishni taqiqlaydi. Gumon qilinuvchining va ayblanuvchining yaqin qarindoshlari guvoh yoki jabrlanuvchi tariqasida faqat oʻzlarining roziliklari bilan S qilinishi mumkin. Soʻroq qilishning shartlari va tartiblari Oʻzbekiston Respublikasi JPK ning 96—124moddalarida batafsil belgilangan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |