Solih Ali Abdulloh (1942, Sana viloyatining Bayt al-Ahmar qishlogʻi) — Yaman davlat arbobi. Marshal. 1958 yildan Yaman Arab Respublikasi qurolli kuchlari safida. Qurolli kuchlar qoshidagi zobitlar oʻquv yurtini tugatgan (1962). Monarxiyani agʻdarib, respublika tuzumini oʻrnatgan 1962 y. sent. inqilobida qatnashgan. Bronetank qoʻshinlari bilim yurtida oʻqigan (1964—66). Tank vzvodi, bronetank polki komandiri (1966—75), harbiy okrug qoʻmondoni (1975—78). 1978 yildan Yaman Arab Respublikasi prezident kengashi aʼzosi, qurolli kuchlar bosh qoʻmondoni oʻrinbosari. 1978 y. 17 iyuldan Yaman Arab Respublikasi prezidenti, qurolli kuchlar bosh qoʻmondoni. 1990 y. Yaman Arab Respublikasi bilan Yaman Xalq Demokratik Respublikasi birlashgandan keyin Yaman Respublikasi prezidenti.