Solih Mutallibov (1900, 19.3 — Toshkent — 1979.18.3) — tilshunos olim. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1971).

Boshlangʻich taʼlimni eski maktabda olgan, soʻng madrasada oʻqigan (1912—16). Oʻqituvchilar kursini (1918) tamomlab, internat, maktablarda dars bergan. Samarqand Pedagogik akademiyasida oʻqigan (1928—31).

Toshkentda 3 xotinqizlar bilim yurtida oʻqituvchi (1932—34). Ped. ilmiy tadqiqot institutida xodim (1934-36). Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim (1938—78). "11-asr yodgorliklarida feʼl kategoriyasi" (1955), "Morfologiya va leksika tarixidan qisqacha ocherk" (1959), "Alisher Navoiyning aforizmlari" (1940; 1968) kabi ilmiy asarlar muallifi.

S.Mutalibov Markaziy Osiyoda birinchi marta Mahmud Koshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" ("Turkiy soʻzlar devoni") asarini oʻzbek tiliga tarjima qilib nashr ettirgan (3 j.li, 1960—63). Ilmiy faoliyati Mahmud Koshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk" asarining oʻzbek tiliga tarjimasi talqini va tadqiqotiga bagʻishlangan.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil