Solihbek oxund (toʻliq ismi Mulla Solih oxund dodxoh Qozoqboybek Ubaydullabek oʻgʻli) (1805, Toshkent — 1868, Tomsk, Rossiya) — davlat arbobi, ulamo, mudarris, Podsho Rossiyasi qoʻshinlariga qarshi Toshkent mudofaasining rahbari. Otasi — Qozoqboybek Qoʻqon xonligining eng nufuzli kishilaridan biri boʻlgan, unga dodxoh unvoni berilgan; Toshkent shahrida amalga oshiriladigan ishlarda uning maslahati muhim ahamiyat kasb etgan. SO. dastlab Toshkent maktab-madrasalarida, soʻng Buxoroda (1832—42) tahsil olib, oxund ilmiy unvoniga sazovor boʻlgan. Sheralixon (1832—44) tomonidan yuborilgan „Muboraknoma“ga muvofiq xon saroyida maslahatchi vazifasini bajaradi, koʻp oʻtmay Toshkentga krzi va rais hamda Xoja Axror Valiy, Koʻkaldosh madrasalariga bosh mudarris lavozimiga tayinlanadi. Xudoyorxon (1862) davrida ham uning mavqei koʻtariladi. Mamaxon taxtga kelgach (1858—62), Solihbek oxundni Qoʻqonga chaqirtirib „Qozilik va boshqa amallarga“ yorliq beradi. Sulton Saidxon (1863—65) davrida ham xonning yaqin maslahatchilaridan biri boʻlgan. Alimqul bilan birga va u shahid boʻlgach, yakka oʻzi Toshkent mudofaasini boshqaradi. Barcha mablagʻini shahar muhofazasi uchun sarflaydi. General M. Chernyayev bilan oʻrtada tuzilgan shartnoma ahdlarini tuzishda faollik koʻrsatgan. Bu shartnoma qabul qilinib, oʻrtada „Ahdnoma“ bitilgach, kutilmaganda Chernyayev shartnomani buzib, oʻz xohishiga mos keladigan 2-shartnomani tuzadi. So. unga imzo chekishdan bosh tortadi. Shu sababli 9 nafar sherigi bilan sudsiz Tomsk shahriga surgun qilinadi. Toshkent shahrining 37 nafar nufuzli kishilari So.ni surgundan qaytarish uchun imperatorga „Iltimosnoma“ (1867) yuboradilar. Unga qaytish uchun ruxsat berilganligini eshitgan raqiblari odam yollab Solihbek oxundni zaharlab oʻldirganlar.

Manbalarda So. Xoʻja Ahror Valiy madrasasini oʻz mablagʻi hisobidan tuzattirgani, Koʻkaldosh madrasasini ham taʼmirlab, 3 oshiyonlik hujralarini ganch suvoq qildirgani maʼlum. So. ulamo boʻlish bilan birga kuchli tib olimi va qasidanavis shoir ham boʻlgan.

Adabiyot

tahrir
  • Ibrat, Fargʻona tarixi, ["Meros" kitobida] T., 1991;Oʻrinboyev A., Boʻriyev O., Toshkent Muhammad Solih tavsifida (XIX asr), T., 1983. Sirojiddin Axmedov.