Soqa (arab.) —1) harbiy yurish yoki harbiy amaliyotlar chogʻida asosiy kuchlar ortidan soqchilik qilib boruvchi, zarur vaqtlarda madadga keluvchi maxsus suvoriy qism. Chingizxon, Amir Temur, Bobur, oʻzbek xonlari qoʻshinlarida mavjud boʻlgan va u askar, moʻgʻulcha chagʻdovul atamasi bilan ifodalangan (qarang Aryergard); 2) jang paytida turli tashqi zarbalar, xususan, gʻanimning oʻq, qilich, nayza singari qurollari zaxmidan saqlanish maqsadida tizza va tirsaklarga kiyiladigan metall qalqoncha. Tizza S.si, shuningdek, tizlik deb ham nomlangan; 3) Xorazm va Qoraqalpogʻistonda kanal boshi maʼnosida ishlatiladigan atama. "Sagʻa" shaklida talaffuz qilingan. Tarixiy manbalarda koʻp uchraydi. Joy nomlari tarkibiga kirgan (mas, Toshsoqa kanali).