Sosoniylar davlati
Sosoniylar davlati - Yaqin va Oʻrta Sharqda sosoniylar sulolasi boshqargan davlat (3—7-asrlar). 224 yil Ardashir I Parfiya shohi Artabon V ni magʻlubiyatga uchratib, 226 yil poytaxt Ktesifon shahrini egallab, yangi davlat taxtiga utiradi. Bu davlatning barcha hukmdorlari "shahanshoh" unvoni bilan taxtni boshqarganlar, davlat Eronshahr ("oriylar podsholigi" yoki "eroniylar shoxligi") deb atalgan. Eron, uning gʻarb va sharqidan hududlar (Ardashir I va Shopur I davrida) birlashtirilgan. Sosoniylar davlatida shoxlar kohinlarga tayanib ish koʻrishgan, yangi otashkada ("olov saroylari") bunyod etilgan, Ardashir I davrida zardushtiylik davlat dini deb eʼlon etilgan, zardushtiy ruhoniylar davlatda katta siyosiy, iqtisodiy taʼsir kuchiga ega bo'lishgan, boshqa dinlar taʼqib qilingan. 3-asrning oxiri — 4-asrning boshlarida Sosoniylar davlati inqirozi boshlangan. Bahrom II Rim bilan boʻlgan jang (282 yil)da magʻlubiyatga uchragan. Sosoniylar davlati sharqdagi bir qancha viloyatlaridan ajragan. Shopur II davrida ular qayta bosib olingan. Mesopotamiyaning ayrim viloyatlari, Armaniston podsholigining bir qismi Rim bilan boʻlgan urushlarda Sosoniylar davlati tobeligiga oʻtgan. Shopur II davrida Sosoniylar davlati markazlashtirilgan, majusiylik kuchaygan. Sosoniylar davlati sharqiy va shimoliy qabilalar birlashmasi (xioniylar, kidariylar va boshqalar)ga qarshi 5-asr oʻrtalarigacha muvaffaqiyatli kurash olib borgan, lekin eftaliylar bilan boʻlgan jangda yengilgan, shoh Feruz oʻldirilgan (484). Natijada Marvdan sharqda boʻlgan yerlaridan ajrab, eftaliylarga ogʻir soliq toʻlash majburiyatini olgan. Sosoniylar davlati aholisi rasmiy ravishda 4 tabaqaga: kohinlar, harbiy zodagonlar, amaldorlar hamda dehqon va hunarmandlarga boʻlingan. 3-asrda moniylik, 5-asrda mazdakiylik diniy taʼlimotlari keng tarqalgan. Mazdakiylar harakati tormor etilgach, Sosoniylar davlati shohlari bir necha islohotlar oʻtkazganlar. Qubod I va Xusrav I davridagi soliqlar 5-asrdagi soliqlardan ancha yengil boʻlgan. Kohinlar va yirik yer egalari mulki "oddiy jangchilar" foydasiga musodara qilingan. Sosoniylar davlati iqtisodiy tomondan 6-asr boshida ancha rivojlangan, tashqi siyosatda ham katta yutuqlarga erishgan. Sosoniylar davlati 558—568 yillarda eftaliylarni yengib, Amudaryoning soʻl qirgʻogʻi va Afgʻonistondagi katta hududni oʻziga qoʻshib olgan, Yaman zabt etilgan (570 yil). Sosoniylar davlati hududiga bostirib kirgan turklar tormor etilgan (589 yil). Taxt uchun kurash avj olgan, 20 yil davom etgan urushlar Sosoniylar davlatining iqtisodi va siyosiy qudratiga putur yetkazgan. Eron madaniyati sosoniylar davrida juda yuksalgan. Yazdigard III davrida (632—651) Sosoniylar davlatini arablar bosib olgan.
1. Sosoniylar davlatining tashkil topishi. II asr oxiri – III asr boshlariga kelib ichki oʻzaro urushlar Parfiya davlatining kuch-sizlanib qolishiga olib keldi. 208-yilda Parfiya davlati ikki qismga boʻlinadi. Keyinchalik esa Parfiya yana bir necha mayda davlatlarga ajralib ketadi. Bundan Eronning janubi-gʻarbida joylashgan fors qabilalari foydalanib, Staxr shahrida hokimiyatni egallab oladilar. Bu jang-u jadallar tepasida forslarning soson urugʻidan boʻlgan Bobak turardi. Bobak vafotidan soʻng fors viloyati taxtiga uning oʻgʻillaridan biri Ardasher I (224–239) oʻtiradi. 224-yilda boʻlib oʻtgan jangda u Parfiya shohi Artabon V qoʻshinlarini yengadi. 226-yilda Ardasher I poytaxtni Staxr shahridan Dajla daryosi boʻyidagi Ktesifonga koʻchiradi. Ktesifonda Ardasher I Sosoniy davlati taxtiga chiqish marosimini oʻtkazgach, Sosoniylar davlatining chegaralarini kengaytirishga harakat qiladi. 230-yilda u oʻz qoʻshinlari bilan Suriya va Kichik Osiyoga bostirib boradi. Bu joylar Rim saltanatiga qaram edi. 232-yili Rim imperatori Aleksandr Sever katta qoʻshin bilan Shimoliy Mesopotamiyaga kelib tushadi. Ardasher I qoʻshinlari Rim legionlari bilan uzoq vaqt mobaynida qonli urushlar olib boradi.
2. Sosoniylar davlatining kuchayishi. Ardasher I vafotidan keyin Sosoniylar davlati taxtiga Shopur I (243–273) chiqadi. Shu vaqtdan boshlab sosoniy taxtiga chiqqan sulola vakillari «shahanshoh» unvoniga ega boʻladilar. Sosoniylar davlati esa Eronshahr – oriylar podsholigi yoki eroniylar shohligi deb nomlangan. Shopur I davrida Eron qoʻshinlari Rim qoʻshinlari bilan janglar olib borib, ularni bir necha bor magʻlubiyatga uchratganlar. Bu urushlarning birida Rim imperatori Gordian halok boʻlib, juda koʻp rimlik aslzodalar va askarlar asir tushganlar. Ular Eron shohiga 500 ming dinor aqcha toʻlashga majbur boʻlganlar.
244–251-yillar orasida boʻlib oʻtgan urushlar natijasida sosoniy qoʻshinlari Janubiy Armaniston va Qadimgi Ossuriyani bosib olganlar. Shopur I qoʻshinlari Suriyada Rim qoʻshinlari bilan toʻqnashib, ularni tor-mor etadi. Shimoliy Mesopotamiyaning Xarran va Edessa shaharlari yonida boʻlgan jangda ham sosoniy qoʻshinlari rimliklar ustidan gʻalaba qiladilar. Edess yonidagi jangda Rim imperatori Valerian, koʻpgina senatorlar va aslzodalar asirga tushadi. Rim bilan olib borilgan janglar natijasida Shopur I qoʻshinlari Suriya va Frot daryosining yuqori oqimidagi 36 qalʻa va shaharni ishgʻol qiladi. Rim imperiyasi hech qachon bunday katta magʻlubiyatni koʻrmagan edi.
IV asrning 60–70-yillarida sosoniy qoʻshinlari rimliklar bilan yana toʻqnashib, Armaniston va Shimoliy Mesopotamiyaning koʻp joylarini bosib oladi. 63-yildagi jangda yana bir Rim imperatori Yulian halok boʻladi. Sosoniy qoʻshinlari Sharq tomonda ham katta urush olib borib, Xuroson, Seyiston, Girkaniya va Tajan, Murgʻob vohasigacha boʻlgan yerlarni ishgʻol qiladi. Sosoniy shahanshohlari Sharqda Kushonlar podsholigi bilan ham shiddatli janglar olib borganlar. Kushon podsholigi tugatilib, u yerda eroniylar Kushoni davlati barpo etiladi. Uni Eron shahzodalari boshqargan. V asrning ikkinchi yarmida eron qoʻshinlari xioniylar, kidaritlar va eftalitlar bilan ham qattiq urush olib borganlar.
Shunday qilib, III asrning ikkinchi yarmi va IV asrda sosoniylar Eroni Sharqdagi eng qudratli davlatga aylangan. Ammo V asr oʻrtalaridan boshlab bu davlat eftalitlar va kidaritlarning bergan zarbalari natijasida asta-sekin kuchsizlanib, hatto eftalitlarga oʻlpon ham toʻlagan. III–V asrlar sosoniylar saltanatining dastlabki davri boʻlib, u Sharq xalqlari tarixida alohida oʻrinni egallaydi.
3. Dastlabki sosoniylar davrida xoʻjalik va madaniyat. Dastlabkl sosoniylar Eronni birlashtirish borasida juda koʻp harakat qilganlar. Eronning bir davlat qilib birlashtirilishi xoʻjalikning rivojlanishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Eron davlatiga qarashli Frot, Dajla, Kerxa, Korun, Tajan, Murgʻob, Erimander kabi daryo boʻylaridagi joylar ekinbop yerlar edi. U yerlarda bogʻdorchilikka ham katta eʻtibor bilan qaralgan. Asosan olma, oʻrik, nok, anjir, xurmo ekilgan.
Eronning katta qismi dasht, yassi togʻlik va togʻliklardan iborat boʻlib, yaylovlar koʻp boʻlgan. Eron chorvadorlarining qoʻy, echki, ot, tuya va qoramol podalari, shu yaylovlarda oʻtlab yurgan. Sosoniylar saltanatining shahar va qishloqlarida temirchilik, qurolsozlik, zargarlik, toʻqimachilik, meʻmorchilik, koʻnchilik, kulolchilik, toshtaroshlik, gilam toʻqish, namat, sholcha bosish ancha rivoj topgan edi. Eron shahar va qishloqlarini bir-biri bilan birlashtirib turuvchi karvon yoʻllari sertarmoq boʻlgan. Ularda doimo savdo karvonlari qatnab turgan. Eron savdogarlari va shohlari Misr, Suriya, Kichik Osiyo, Kavkaz, Turon va Hindiston bilan qizgʻin savdo-sotiq ishlarini olib borganlar.
4. Sosoniylar davri madaniyati. Sosoniylar davrida madaniyat ancha rivoj topgan. Bu madaniyatning ravnaqida Qadimgi Eron, Parfiya, Bobil, Ellin va boshqa xalqlar madaniyatining taʻsiri kuchli boʻlgan. Sosoniylar davlati kuchaygan davrda meʻmorchilik va boʻrtma naqshli rasm-tasvirlar ishlash birmuncha rivojlangan. Ustalar sosoniy shohlari, nufuzli kishilar, sarkardalar uchun ajoyib saroylar, muhtasham binolar qurganlar. Sosoniylar davrida zardushtiylik ibodatxonalari qurilishiga ham katta eʻtibor berilgan, chunki zardushtiylik davlat dini sifatida qabul qilingan edi.
Sosoniylar davrida xalq ogʻzaki ijodiyoti va badiiy adabiyot ancha rivoj topgan. Bu jihatdan Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma» asari diqqatga sazovordir. Doston Qadimgi Eron afsonalari, ertaklari va tarixiy voqealari asosida yaratilgan. Unda Eron va Turon xalqlarining toʻrt-besh mingyillik tarixi haqida hikoya qilinadi. Dostonning juda katta qismi bevosita sosoniylar davri tarixiga bagʻishlanib, ularning taxtga chiqishidan Yazdigird podsholigigacha boʻlgan tarixiy voqealar sheʻriy yoʻl bilan juda qiziqarli ravishda ifoda etilgan.
«Avesto» ham oʻsha davrning eng nodir asarlaridan biri hisoblanadi. U zardushtiylik dinining muqaddas kitobidir. «Avesto» faqat muqaddas diniy kitob boʻlibgina qolmay, tarixiy kitob hamdir. Bu kitobda Oʻrta Osiyo, Eron va qoʻshni mamlakatlarning tabiati, aholisi, geografiyasi, tarixi va madaniyati haqida koʻp maʻlumotlar bor. «Avesto»da sosoniylar hukmronlik qilgan davrda yashagan turli qabilalarning diniy eʻtiqodi haqida ham qiziqarli maʻlumotlar berilgan.
«Avesto»da bayon qilinishicha, Mitra Quyosh xudosi boʻlgan. U bitmas-tuganmas kuchga ega boʻlib, oʻtda kuymaydi, suvda choʻkmaydi va oʻq oʻtmaydi. U odamlarga hamisha yaxshilik qilib, ularga nur, issiqlik va baxt-saodat inʻom etadi. Axuramazda esa Mitraning yordamchilaridan biridir. U yaxshilik va ezgulik maʻbudasi boʻlib, doimo xalq manfaati uchun xizmat qildi. Axrimon yomonlik aʻbudi hisoblangan. U xalqqa ofat, ocharchilik va kasalliklar keltiradi. Axrimon bilan Axuramazda oʻrtasida ayovsiz kurash boʻlib, bu kurash Axuramazdaning gʻalabasi bilan tugaydi.
Zardushtiylikda olov kishilarni gunohlardan tozalovchi sehrli kuch deb qaralgan. Shuning uchun bu din otashparastlik dini, uning muxlislari esa otashparastlar deb atalgan.
Bu davrda asoschisi Moniy ibn Fatak (216–276) boʻlgan moniylik oqimi ham tarqaladi. Bu oqim namoyandalari mehnatkash xalq ommasining manfaatlarini koʻzlab targʻibot olib borganlar.
V–VI asrlarda mazdakchilar oqimi ham vujudga kelgan. Uning asoschisi Mazdak ibn Hamadoniy (470–529) edi. Bu oqim negizida ezgulik va yoragʻlik bilan qorongʻilik oʻrtasidagi kurash yotadi. Mazdakchilar barcha odamlarni mulkiy jihatdan teng boʻlishga chaqiradilar.
Navroʻz bahor bayrami, Mehrjon esa kuzgi bayram; Bu bayramlarning har ikkalasi ham Sosoniylar podsholigi davrida keng koʻlamda oʻtkazilgan. Bayram kunlari urushlar toʻxtatilgan, turli oʻyinlar, sayllar tashkil qilingan. Odamlar bir-birlarini tabriklab, har xil inʻomlar, taomlar ulashganlar. Bayram kunlari tabarruk kishilarni ziyorat qilganlar. Shunday qilib, sosoniylar davri madaniyati ham oʻziga xos boʻlib, Yaqin Sharq mamlakatlari madaniyatiga katta taʻsir oʻtkazgan.
Adabiyot
tahrir- Istoriya stran zarubejnogo Vostoka v sredniye veka, M., 1957; Pigulevskaya N.V. i dr., Istoriya Irana s drevneyshix vremen do konsa XVIII veka, L., 1958; Lukonin V. G., Kultura sasanidskogo Irana, M., 1969.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |