Sovet—Germaniya bitimlari (1939) — 1) hujum qilmaslik haqida 1939-yil 23 avgustda tuzildi ("Molotov-Ribbentrop pakta"); bitimga ilova qilingan maxfiy hujjat tomonlarning "manfaatlar doirasi"ni chegaralab berdi (Boltiqboʻyi, Sharqiy Polsha, Finlandiya, Bessarabiya va Shimoliy Bukovina SSSR ning "manfaatlar doirasi"ga kiritildi). Bitim SSSRning tashqi siyosatida Germaniya bilan yaqinlashish sari keskin oʻzgarishni anglatardi; bitim tuzilgandan soʻng Germaniya Polshaga hujum qilib, Ikkinchi jahon urushini boshlab yubordi. SSSR esa oʻzining "manfaatlar doirasi"da belgilangan hududlarni oʻziga qoʻshib oldi; 2) "Doʻstlik va chegaralar haqida" 1939-yil 28 sentabrda tuzilgan bitim SSSR bilan Germaniya oʻrtasida taxminan "Kerzon chizigʻi" boʻylab chegarani belgilab berib, Polsha davlatini tugatishni mustahkamlab qoʻydi.