Stagnatsiya (fransuzcha: stagnation, lotincha: stagnatio — qo'zg'almas, stagnumturib qolgan suv so'zidan) — iqtisodiyotda pasayishdan oldin yuz beradigan, pasayish bilan birga kechadigan turgʻunlik holati bo'lib, ishlab chiqarish, savdoda ham kuzatiladi. Rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda 1930—1939-yillarda, II jahon urushi (1939—1945)dan keyin yuz bergan. Oʻzbekistonda 1991—1995-yillarda kuzatildi. Stagnatsiya investitsiya jarayonlarining, ishlab chiqarish. quvvatlarining toʻliq band etilmasligi, surunkali ishsizlik, iqtisodiy oʻsishning sekinlashuvi yoki nol darajasi va boshqa hollarda koʻrinadi. Stagnatsiyada real yalpi ichki mahsulot hajmi turgʻun holatda saqlanadi, baʼzan pasayib ketadi. Stagnatsiya davomiyligi turgʻunlik va tanglikning naqadar chuqurligi va davlat tadbirlari (tadbirkorlarga imtiyozlar, soliklarni, eksport bojlarini kamaytirish, davlat buyurtmalarini tiklash, hisob stavkalarini kamaytirish va boshqalarning) taʼsirchanligiga bogʻliq.

Stagnatsiya holatida dastlab talabning kamayishi natijasida ishlab chiqarish qisqaradi, taklifning qisqarishi bilan narx oʻsadi, bu esa foydani oshirib, ishlab chiqarishga qoʻshimcha investitsiyani ragʻbatlantiradi. Natijada ishlab chiqarish jonlanib, davlat faol tartiblagan sharoitda stagnatsiya davri qisqarib, iqtisodiyot stagnatsiyadan chiqib ketadi.