Statistika (lotincha: status — "vaziyat") maʼlumot yigʻish, tartiblash, tahlillash, sharhlash va koʻrsatishga bagʻishlangan matematika sohasidir[1][2]. Bunga statistik tadqiqot va tajriba rejalashtirish ham kiradi[1].

Statistika (lot. ctatus — boylik, davlat) — 1) turli hodisalar va jarayonlarni miqdoriy hisoblash, maʼlumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish yoʻli bilan ijtimoiy hayotning umumiy qonuniyatlarini oʻrganadigan ijtimoiy fanlar tarmogʻi. Tor maʼnoda Statistika bironbir hodisa yoki jarayon toʻgʻrisidagi jamlanma maʼlumotlar (koʻrsatkichlar) majmui (toʻplami)ni bildiradi. Statistika murakkab va sertarmoq fanlar majmuidan iborat boʻlib, ijtimoiy hayotning xilmaxil hodisalarini oʻrganadi va tahlil etadi. Statistikaning asosiy boʻlimlari: Statistika ning umumiy nazariyasi — miqdoriy taxlilning umumiy tamoyillari va usullarini oʻrganadi; iqtisodiy Statistika — xalq xoʻjaligi koʻrsatkichlari tizimini, uning tarkibini, nisbatlarini, sektorlararo, tarmoqlararo aloqalar va boshqalarni oʻrganadi (qarang Iktisodiy statistika); iqtisodiyot tarmoqlari Statistikasi — sanoat, qishloq xoʻjaligi., qurilish, transport, aloqa Statistikasiga boʻlinadi; demografik Statistika mehnat, aholi bandligi Statistikasi; ijtimoiy Statistika — aholi turmush tarzini tavsiflaydigan koʻrsatkichlar tizimini va ijtimoiy hayotning turli masalalarini oʻrganadi va hokazo. Ularning asosiy vazifasi xalq xoʻjaligi tarmoqlaridagi, jamiyat hayotining ayrim sohalaridagi ijtimoiyiqtisodiy jarayonlarni tavsiflaydigan koʻrsatkichlar tizimini oʻrganish va ishonchli, ilmiy asoslangan maʼlumotlarni aks ettirishdan iborat. Bu vazifalarni bajarish uchun Statistika fanida yalpi statistik kuzatish, hodisalarning oʻziga xos tomonlari, xususiyatlari va ular oʻrtasidagi aloqalarni aks ettiradigan koʻrsatkichlar tizimlari, statistik guruhlash natijalari boʻlgan yigʻma va kombinatsiyalashgan jadvallar kabi vositausullar ishlab chiqilgan va amaliyotda qoʻllanadi. Statistikada oʻrtacha miqdorlar va indekslar kabi umumlashtiruvchi tavsiflar muhim rol oʻynaydi. Statistika usullari qoʻllanadigan bir qator sohalar va shunga mos holda tibbiyot, sud, geol, sport va boshqa Statistika tarmoklari bor. Matematika va statistik tadqiqotlarning tutash joyida paydo boʻlgan matematik statistika Statistika fanining alogʻida boʻlimini tashkil etadi. Matematik Statistika statistik tadqiqotlarda statistik maʼlumotlarni toʻplash, ularni tizimga solish, ishlash hamda ulardan ilmiy va amaliy xulosalar chiqarish usullarini oʻrganadi. Toshkent iqtisodiyot universitetida Statistika boʻyicha oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlanadi;2) jamiyat hayotidagi hodisalar va jarayonlar toʻgʻrisida yalpi axborotlarni yigʻish, qayta ishlash, tahlil va eʼlon qilish bilan bogʻliq amaliy faoliyat sohasi. Milliy, mintakaviy xalqaro statistikaga boʻlinadi. Xalqaro Statistika ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarning xalqaro qiyosiyligini taʼminlashga asoslangan holda turli mamlakatlarning ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyoti darajasi, tuzilmasi va tendensiyalarini oʻrganadi. Xalqaro Statistikada BMT ning ixtisoslashgan statistika xizmatlari yetakchi rol oʻynaydi. Milliy (umumdavlat) miqyosida statistik maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tahlil qilish yagona tamoyillar asosida, yagona dastur va uslubiyat boʻyicha davlat statistika organlari rahbarligida amalga oshiriladi. Oʻzbekistonda Statistika amaliyoti bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va uning viloyat, shahar, tuman boshqarma (boʻlim)lari shugʻullanadi.

Statistika amaliyotining boshlanishi davlatning paydo boʻlishi davriga toʻgʻri keladi. Qadimgi davrlardayoq xoʻjalik va gʻarbiy ehtiyojlar, aholi, yer, molmulk hisobi boʻyicha Statistika ishlari amalga oshirilgani haqida maʼlumotlar mavjud. Fan sifatida Statistikaga XVII asr oxirida ingliz iqtisodchi olimi U.Petti asos soldi. Uning asarlarida siyosiy iqtisod va boshqa ijtimoiyiqtisodiy fanlardan ajralmagan "siyosiy arifmetika" deb nomlangan fan — Statistika asoslari ifodalab berildi. Statistika rivjida davlatshunoslik fanining paydo boʻlishi ham muhim rol oʻynaydi. XIX asrning 2-yarmi va XX asr boshlarida statistika jadal rivojlandi. Ayniqsa, davlat monopolistik kapitalizmi sharoitlarida statistikaning texnik vositalari va iqtisodiy imkoniyatlari mukammallashdi.

Monopoliyalarning iqtisodiy holatini chuqur tahlil qilish ehtiyojlari, aholining tabiiy koʻpayishi va koʻchishi oʻrganildi, aholi, sanoat va qishloq xoʻjaligi. roʻyxatlari oʻtkazildi. Birinchi navbatda, roʻyxatni oʻtkazadigan davlat statistika tashkilotlari shakllandi va takomillashdi. Statistik maʼlumotlarni qayta ishlashda matematik usullarni qoʻllash Statistika nazariyasini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Iqtisodiyotda maʼmuriy buyruqbozlik boshqaruvidan bozor iqtisodiyoti munosabatlariga oʻtish statistikada ham tub burilish yasadi. Hozirgi davrda Oʻzbekistonda iqtisodiyotni xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisob va statistikaga oʻtkazish hamda mahalliy sharoitlarga uygʻunlashgan milliy hisoblar tiziminp ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni xorijiy davlatlar koʻrsatkichlari tizimi bilan taqqoslash va tahlil qilish eng zarur vazifalardan biridir. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi hukumati 1994-yil 13-sentabrda "Oʻzbekiston Respublikasini xalqaro amaliyotda qabul qilingan hisob va statistika tizimiga oʻtkazishning davlat dasturi"ni qabul qildi va bu dastur izchil amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat statistikasi toʻgʻrisida" qonunida (2002-yil 12-dekabr) respublikada statistika ishini tashkil etish va uning huquqiy maqomi belgilab berilgan.

Hamidulla Nabiyev.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Dodge, Y. (2006) The Oxford Dictionary of Statistical Terms, OUP. ISBN 0-19-920613-9
  2. The Free Online Dictionary