Stomatit (yun. stoma — ogʻiz, itis — yalligʻlanish) — ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavatining yalligʻlanishi. S. mustaqil kasallik holida kechishi, shuningdek, boshqa kasalliklar (qizamiq, qizilcha, fipp, kandidoz) belgisi boʻlishi mumkin. Yalligʻlanish tilda boʻlsa — glossit, milkda boʻlsa — gingivit deyiladi, bulardan har birining oʻziga xos belgilari bor. S. moddalar almashinuvi kasalliklari (avitaminoz, diabet), nerv va ichki aʼzolar kasalliklari, vitamin yetishmovchiligi, ichki sekretsiya bezlari faoliyatining buzilishi oqibatida paydo boʻladi. Chekish, spirtli ichimliklarga ruju qilish, juda issiq yoki juda sovuq, nordon va shoʻr ovqatlar yeyish ham S.ga sabab boʻlishi mumkin. Ayrim dorilarga nisbatan sezuvchanlik ortganda, xususan, oʻzoʻzini davolaganda, balogʻatga yetish davrida, aql tish chiqishi qiyinlashganda (qarang Tish) ham S. roʻy beradi.

S. shakllari har xil boʻlishiga karamay, ularning umumiy oʻxshash belgilari bor: ogʻiz boʻshligʻining shilliq qavati qizaradi, atrofidagi toʻqimalar shishadi, bezillab turadi, jagʻ osti limfa bezlari kattalashadi va boshqa S oʻtkir va surunkali kechadi.

S.ning kataral, yarali nekrotik va aftoz xillari farq qilinadi. Ayrim dori moddalarining yoqmasligi oqibatida, shuningdek, kimyoviy moddalar taʼsirida medikamentoz S, ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavatining oʻtkir kesuvchi narsalar, chirigan tish chekkasi, notoʻgʻri qoʻyilgan tish protezidan jarohatlanishi natijasida travmatik S. paydo boʻladi; travmatik S.ning Bednar aftasi (chaqaloqlar aftasi) shakli chaqaloqlarda kuzatiladi. S.ning oldini olish uchun chirigan tishlarni va organizmning umumiy kasalliklarini oʻz vaqtida davolash, shilliq qavatning yalligʻlanishiga sabab boʻladigan omillarni bartaraf etish lozim.