Stratifikatsiya (lot. stratum toʻshama, qatlam va facio — bajaraman) — 1) oʻsimliklar urugʻ (danak) lari unib chiqishini tezlashtirish uchun nam muhitda saqlash, urugʻlarga ekishdan oldin ishlov berish usuli. Asosan, mevali, manzarali, oʻrmon daraxtlari, butalari, ayrim dorivor oʻsimliklar urugʻlari (danaklari) uchun qoʻllanadi. S. uchun qum, qipiq, torf uvoqlari va boshqa ishlatiladi. Maxsus chuqur yoki yashiklarda urugʻ (danak) lar nam qum bilan aralashtirilib 3—5° haroratda saqlanadi. Olma va nok urugʻlari 120—130, yongʻoq, pista va bodom 45—60, behi urugʻi 60—70, shaftoli va oʻrik danagi 90—100, togʻolcha danagi 150—200, olcha va gilos danagi 200—250 kun S. qilinadi. Olma, nok, behi, bodom, yongʻoq va boshqa meva urugʻlari oktabr—noyabrda ekilganda, bahorgacha S. davrini yerda oʻtkazib, yaxshi unib chiqishi ham mumkin. Togʻolcha, olcha, gilos va boshqa mevali daraxt danaklari esa S. davrini toʻliq oʻtkazishi uchun mevadan ajratilgach, qumlanib, kuzgacha saqlanadi; 2) atmosferadagi muvozanat shartlarini belgilovchi havo temperaturasining vertikal boʻyicha taqsimlanishi; havoning vertikal siljishi ortishiga yoki kamayishiga yordam beradi. Noturgʻun S.da balandlik oshishi bilan temperatura pasayadi, bu atmosfera konvensiyasiga imkon beradi.