Stroboskopik effekt - uzlukli kuzatish jarayonida tez harakatlanayotgan jismning qoʻzgʻalmas tarzda koʻrinishi yoki jism harakatining alohida fazalari tez almashinib turganda jismning harakat qilayotgandek boʻlib tuyulishi. Agar biror jism yoki surat uzluksiz kuzatilmasdan muayyan vaqt oraligʻida kuzatilsa, ularning tasviri xuddi uzluksiz kuzatilayotgandek tasavvur qoldiradi. Bunga koʻrish inersiyasi hodisasi sabab boʻladi. Buni umumiy bir oʻkda aylanuvchi ikki diskdan iborat asbob (stroboskop)da kuzatish mumkin. Koʻz oldida oddiy stroboskop zatvori v chastota bilan t vaqt davomida ochibyopilsa, tez harakatlanayotgan jism juda kichkina joyga siljiydi, shuning uchun u koʻrinadi. Koʻrinayotgan obrazning saqlanish vaqti x ichida zatvor vt marta ochiladi, shuning uchun harakatlanuvchi jismning bir necha "oniy" holatlari bir vaqtda koʻrinadi. Hozirgi stroboskoplarda uzluksiz koʻrish impulsli lampalar vositasida amalga oshiriladi. Odatda, harakatning ketma-ket fazalarini tasvirlovchi kadrlar sekundiga 24 marta almashinsa, koʻrish inersiyasi va ruhiy omillar tufayli harakatning uzluksizligi samarasiga erishiladi. Stroboskopik effekt, mas, kinematografiyaning asosini tashkil qiladi.


Manbalar

tahrir