Sud qarori
Sud qarori (OʻzRda) — fuqarolik, xoʻjalik, maʼmuriy va jinoyat ishlari boʻyicha sud tarkibi yoki sudya chiqaradigan huquqiy hujjat. Sud qarori qabul qilish asoslari va qayta koʻrish tartiblari protsessual qonunlarda belgilangan. 1-instansiya sudi jinoyat ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi nomidan hukm, shuningdek, ajrim chiqaradi, fuqarolik va xoʻjalik ishlari boʻyicha Sud qarori hal qiluv qarori yoki ajrim tarzida boʻladi. 2-instansiya sudlari ajrim chiqaradi. Apellyatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishi boʻyicha oqlov hukmi chiqarishga ham haqli. Ish sud rayosatlarida va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumida koʻrilganda qaror chiqariladi. Jinoyatlarning oldini olish va ularni keltirib chiqaruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha chiqariladigan Sud qarori xususiy ajrim deb nomlanadi. Qanday nomlanishidan qatʼi nazar, Sud qarori barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir (Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 114-modda).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |