Sudga berish
Sudga berish — ishni sudda koʻrish uchun tayinlash tartibi. Sudga ayblov xulosasi bilan yoki tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash haqida qaror bilan prokurordan kelgan har bir ishni sudya 7 sutka ichida sud majlisida koʻrishga tayinlaydi yoki ish yuritishni toʻxtatib turish yoxud tugatish masalasini hal qiladi. Sudya ishni oʻz sudloviga tegishli, uni sudda koʻrish uchun asoslar yetarli, surishtirish va dastlabki tergovda qonun talablariga rioya etilgan deb hisoblasa, ish boʻyicha sud majlisi oʻtkaziladigan vaqt va joy belgilab qaror chiqaradi. Ayni vaqtda sudya ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini qoʻllash yoki oʻzgartirish, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash, sud majlisida ishtirok etuvchi shaxslarni sudga chaqirish, ularga ish materiallari bilan tanishish uchun imkoniyat yaratish choralarini koʻradi. Ishni sudya koʻrish uchun tayinlash chogʻida ayblanuvchi yashiringan boʻlsa, sudya unga nisbatan qidiruv eʼlon qilish haqida ajrim chiqarib, ishni prokurorga qaytaradi. Ayblanuvchi sud muhokamasida ishtirok etishini istisno etadigan darajada ogʻir va surunkali kasallikka chalingani sud tibbiy ekspertizasining xulosasi bilan tasdiklangan boʻlsa, sudya ayblanuvchi sogʻayguncha ish yuritishni toʻxtatib turish haqida ajrim chiqaradi (Oʻzbekiston Respublikasi JPK, 49bob).
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |