Sulaymon — Qurʼonda tilga olingan paygʻambarlardan biri, hukmdor. Mil. av. 965—928 yillarda IsroilIudeya podshohi boʻlgan. Dovudning oʻgʻli. 13 yoshida taxtga oʻtirgan. Yetuk bilimli, har bir ishda hukm chiqarishda otasidan koʻra olimroq boʻlgan. Rivoyatga koʻra, u jamiki insu jin, hayvonlar va parrandalar olamiga podshohlik qilgan, qushlar tilini tushungan. Shamollar ham uning ixtiyorida boʻlib, S. farmoniga koʻra, u xodit bildirgan joyda esardi. S.ga berilgan moʻʼjizalardan biri mis koni edi, deb rivoyat qilinadi: paygʻambar izmidagi jinlar oʻsha misdan uning xohlagan narsasini yasab berishar ekan. Jinlarning S.ga qasrlar bunyod etgani, dengiz tubidan duru javohirlar olib chiqib bergani nakl etiladi. S. oʻz qoʻl ostida bir necha xil qushlarni tarbiya qilardi. Bular orasida hudhud (sassiqpopishak) ham boʻlib, u Yamanning Sabo shahridan quyoshparast malika Bilqis haqida xabar keltiradi. S. Bilqisga maktub yoʻllab, uni yolgʻiz Allohga itoat etishga daʼvat etadi (Naml surasi, 20—37oyatlar).

S. otasining vasiyatiga koʻra, Aqso masjidini qurdirdi (qarang Almasjid alAqso). Sharq va Gʻarbda bir qancha mamlakatlarni zabt etib, jahongir boʻldi. S.ning oʻlimi bilan bogʻliq rivoyat jinlar, devlar gʻaybni — kelajakda roʻy beradigan voqeahodisalarni biladi, degan gumonlarni rad etadi: jon taslim qilgan S. tayangan hassani uzoq vaqt yogʻoch qurti yeb u yerga qulab tushmaguncha, jinlar S.ning vafot etganini bilmaganlar va paygʻambar ularga buyurgan vazifa — baland qasr bino qilish ishini davom ettiraverganlar (Sabaʼ surasi, 14oyat). Shunday qilib, S oʻlib, devlar mehnatdan qutulgan ekan. S yahudiy va xristian diniy adabiyotlarida Solomon nomi bilan maʼlum.

Adabiyot tahrir

  • Paygʻambarlar qissasi, T., 1993.