Sulfanilamidlar - sulfanil kislotasining kimyoviy hosilalari, S.ning (streptotsid) antibakterial xossasini birinchi boʻlib 1935-yil nemis patologi va mikrobiologi G. Domagk aniqlab, amaliy tibbiyotga kiritdi.

Quyidagi guruxlarga boʻlinadi: qisqa muddat taʼsir etuvchi S. — streptotsid, norsulfazol, etazol, sulfademizin va boshqa; uzoq vaqt taʼsir etuvchi S. — sulfodimetoksin, sulfopiridazin, sulfalen va boshqa; mahalliy qoʻllaniladigan S. — sulfalennatriy va boshqa

S.ning taʼsir mexanizmi ular tuzilishining paraaminobenzoy kislotasiga (PABK) oʻxshashligi bilan boglik. PABK koʻpgina mikroorganizmlar sintez qiladigan digidrofol kislotasi tarkibiga kiradi. Kimyoviy tuzilishining oʻxshashligi hisobiga S. PABKni digidrofol kislotasi tarkibiga kirishiga toʻsqinlik qiladi. Bundan tashqari, ular digidropteroatsintetaza fermentining faolligini susaytiradi. Digidrofol kislotasi sintezining buzilishi, undan tetragidrofol kislotasining hosil boʻlishini kamaytiradi, natijada nuklein kislotalarining sintezi buziladi va mikroorganizmlarning oʻsishi va koʻpayishi toʻxtaydi, yaʼni S. bakteriostatik taʼsir koʻrsatadi. Odam va hayvonlar toʻqimalarida bunday holat yuzaga kelmaydi, chunki ular organizmida tayyor digidrofol kislotasi boʻladi.

S. tibbiyotda patogen mikroorganizmlarga qarshi vosita sifatida qoʻllanadi. S. meʼdaichak yoʻlidan yaxshi soʻriladi, hamma toʻqimalarga tarqaladi. Jigarda uning metabolitlari hosil boʻladi. Organizmdan buyrak orqali chiqariladi.

S.ni boshqa antimikrob dori vositalari bilan birga qoʻllash mumkin.

S. uzoq vaqt qoʻllansa, ularga nisbatan mikroorganizmlarga chidamlilik yuzaga keladi. Ular odam organizmining har xil tizimlariga nojoʻya taʼsir koʻrsatishi mumkin, shu bilan birga ularga qarshi allergik reaksiyalar ham rivojlanadi. Shuning uchun S.ni faqat shifokor maslahati bilan qoʻllash lozim.