Surayyo Negmatova
Surayyo Teshayevna Negmatova (1973-yil 29-mart, Shahrisabz tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olima, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Surayyo Teshayevna Negmatova | |
---|---|
Tavalludi |
29-mart 1973-yil Shahrisabz, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Kasbi | biolog |
Sohasi | qishloq xoʻjaligi |
Taʼlimi | Qarshi davlat universiteti |
Ilmiy darajasi | qishloq xoʻjaligi fanlari doktori |
Biografiyasi
tahrirSurayyo Negmatova 1973-yil 29-martda Shahrisabz tumanidagi Moʻminobod qishlogʻida tugʻilgan[1]. 1990—1996-yillarda Qarshi davlat universiteti biologiya fakultetida tahsil olgan. 1997—2000-yillardada Shahrisabz tumani 75-maktabda biologiya fani oʻqituvchisi, 2000—2001-yillarda Shahrisabz tumani Ulugʻbek nomli biolaboratoriyada agronomi, 2002—2009-yillarda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti aspiranti boʻlgan. 2011-yildan Oʻzbekiston paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti „Almashlab ekish va gʻoʻza viltiga qarshi kurash“ boʻlimiga ilmiy xodimi, keyinchalik „Almashlab ekish va gʻoʻza viltiga qarshi kurash choralari“ laboratoriyasi mudiri vazifasida faoliyat yuritmoqda[1].
Ilmiy faoliyati
tahrir2012-yilda Paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutida „Turli muddatlarda va meʼyorlarda angʻizga ekilgan moshning oʻsishi, rivojlanishi, hosildorligi“ mavzusida nomzodlik, 2018-yilda „Taqirsimon va tipik boʻz tuproqlar sharoitida gʻoʻza hosildorligini oshirishda uning qator oralariga ishlov berish texnologiyasini takomillashtirish“ (Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari misolida) mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 100 dan ortiq ilmiy maqolalar, 12 ta ishlab chiqarishga oid tavsiyalar va 5 ta monografiya muallifi[1].